19:33 / 24.03.2021
2 500

Fitch xalqaro reyting agentligi UzAuto Motors’ning zaif joylarini aytdi

Fitch xalqaro reyting agentligi UzAuto Motors’ning zaif joylarini aytdi
Foto: Google Photos
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi birinchi bor UzAuto Motors’ning uzoq muddatli xorijiy va milliy valyutadagi kredit reytinglari darajasida «B+» prognozli «Barqaror» maqomini tasdiqladi. Bu haqda agentlik press-reliziga tayanib, Spot xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, kompaniyaning biznes-profili ko‘p jihatdan assortimenti torligi va bitta mamlakatga mo‘ljallangan savdolari sabab boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga nisbatan kuchsiz hisoblanadi. Shuningdek, kuchli brend yo‘qligi ham unga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, bu esa boshqa kompaniyalar bilan potensial raqobatni cheklaydi.

«UzAuto Motors’ning operatsion faoliyati to‘liq texnologiyalar va Amerika konserni nou-xaularidan foydalanishni ta’minlaydigan GM bilan hozirda mavjud uzoq muddatli litsenzion kelishuvga bog‘liq», — deb hisoblaydi Fitch.

Agentlikning ta’kidlashicha, birinchi navbatda O‘zbekistonga bo‘lgan mo‘ljal kompaniyaning geografik diversifikatsiyasini keskin cheklaydi, chunki mamlakatda savdolar beqaror.

Bu qisman eksport bilan kompensatsiya qilinadi, biroq uning umumiy hajmdagi ulushi so‘nggi ikki yilda, taxminan, 5 foizga kamaygan. Fitch UzAuto Motors’ning 2023 yilda eksport hajmini 16 foizga oshirish borasidagi rejasini ijobiy baholaydi, chunki bu «barcha tuxumlarni bitta savatda saqlamaslik» imkonini beradi.

Shuningdek, tahlilchilarning hisoblashicha, bozorning rejalashtirilgan liberalizatsiyasi savdolar va kompaniya daromadiga ta’sir qilishi mumkin, UzAuto Motors’ning o‘zi esa dollarda sotib olib, so‘mda sotgani uchun valyuta xatariga duch keladi. Fitch ma’lumotlarga ko‘ra, operatsion xarajatlarning 60 foizga yaqini xorij valyutasi hisobiga to‘g‘ri keladi. Agentlikning hisoblashicha, narxlarni ko‘tarilishiga valyuta kursi yo‘qotishlari ta’sir ko‘rsatadi.

Fitch’ning ta’kidlashicha, kompaniyaning biznes-profili jahondagi boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga qaraganda ancha kuchsiz, jumladan, GM, Ford Motor Company (BB+/salbiy), Renault (BB/salbiy) va Jaguar Land Rover Automotive (B/salbiy).

Kompaniyani Fitch reytingidagi muqobil raqobatchilari bilan to‘liq taqqoslab bo‘lmaydi, chunki ishlab chiqarilayotgan modellar brendi va ularga bog‘liq texnologik tajriba unga tegishli emas. Bundan tashqari, ichki bozorda monopol ekanligiga qaramay, UzAuto Motors boshqa muqobillaridan ancha kichik ko‘lamga ega.

Shu bilan birga, tahlilchilarning tasdiqlashicha, boshqa ishlab chiqaruvchilardan farqli o‘laroq kompaniya pandemiyadan deyarli zarar ko‘rmagan, 2020 yilda so‘mning qadrsizlanishi fonida dollar ko‘rinishidagi daromad kamaygan bo‘lsa-da, savdolar hajmi 5 foizga oshgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fitch xalqaro reyting agentligi UzAuto Motors’ning zaif joylarini aytdi