16:50 / 24.04.2021
2 569

O‘zbekistonda ishsiz fuqarolar qancha ekani aytildi


Oliy Majlis Senatining 23 aprel kuni o‘tkazilgan 14-yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev O‘zbekistondagi ishsizlar sonini ma’lum qildi.

«Hozirda yurtimizda 1 million 600 ming aholi bandligini ta’minlash talab etilayotgan bo‘lsa, ularning 805 mingdan ortig‘i 16—30 yoshdagi ishsizlardir. Shuningdek, 2021 yilda mehnat bozoriga jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Natijada joriy yilda yoshlar bandligini ta’minlash uchun ehtiyoj 1 million 365 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Aynan shuning uchun ham 2021 yildagi davlat dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan», — degan u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning yanvarida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod bo‘lib, bu mamlakat aholisining qariyb 55 foizini tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Davlat rahbari aprel oyida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida rahbarlarni ishsiz va xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar masalasi bilan ishlamayotganini tanqid qilgandi.

«Har bir viloyat 4 nafar rahbarining vijdoni bo‘lsa, viloyat hokimiga kelib aytishi kerak, ‘Men 35—40 foiz oyligimni davlatga to‘layman’, deb. Nimaga desangiz, har bir mahalla, tumanda 15, 20, 30 foiz fuqaro chet elda yuribdi. Ular uchun oylik olyapsizlar-ku. Nimaga ularni bir oyda bo‘lmasa ham, ikki oyda bir eslamaysizlar? Qayerda yuribdi u bechora, qanday sarson-sargardon yuribdi? Uning muammosi qanday? Juda bo‘lmasa, bitta telefon qilib ‘qarindoshing, bolalaring tinchmi?’ deb so‘ramaysizlar, oyliklaringni topshirmagan bo‘lsalaring ham», — degan edi Prezident.

Prezident 13 aprel kuni yoshlar masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistondagi 648 ming nafar ishsiz yigit-qiz «yoshlar daftari»ga kiritilgan bo‘lsa, shundan birinchi chorakda 282 ming nafarining bandligi ta’minlanishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ishsizlar soni 2 millionga yaqinlashgandi va 27 ming nafar ishsizga 20 milliard so‘mga yaqin nafaqa to‘lab berilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov yangi tahrirdagi «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirishi bilan ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi ham o‘zgarishi va 80 mingga yaqin ishsiz fuqarga nafaqa tayinlanishini aytgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ishsiz fuqarolar qancha ekani aytildi