15:05 / 26.04.2021
2 396

Biz qanday ro‘zadormiz?


Shaharda ijarada yashaydigan singlisi oylik maoshining yarmidan ko‘pini ijara haqiga to‘lab, bolalariga tansiq yegulik yedirolmaydi. Aka otasining xotirasiga iftorlik qilib, dasturxonni noz-ne’matlar bilan to‘ldirdi. Yo‘l kiraga pul topolmay otasining xotirasi uchun qilingan ehsonga bora olmagani uchun singlisidan yozg‘irib, ranjidi...

“Falonchining o‘g‘illari har yozda onasini sanatoriyada davolanishga jo‘natar ekan. Menga o‘xshab oyoqlari og‘rirdi, “Bolalarim baraka topishsin, sanatoriyaga ketma-ket uch yil davolangandim, ko‘rmaganday bo‘lib ketdim” dedi. Qaniydi, men ham shu darddan xalos bo‘lsam-a...” deydi ona boyaqish o‘g‘lining og‘ziga umidvor termulib. O‘g‘ilning quloqlariga gap kirmaydi; iftorlik dasturxoni yozib, unga nomdor ahli ilmlarni da’vat qilish harakatida yuribdi...

Qo‘shnisi jo‘jabirdek jon. To‘rt bola, er-xotin kaftdekkina tomorqadan oladigan daromadu, uch-to‘rt qo‘y-qo‘zi, sigir-buzoq boqib tirikchilik qiladi. Ayol saraton xastaligi bilan og‘rigan. Dori-darmoni, kimyoviy muolajasi falon pul. Boyaqish bolalarini o‘ylab har doim ham davolanishga pul ajratolmaydi. Badavlat qo‘shni ro‘zador. Bir necha marta iftorliklar uyushtirdi. Savob izladi. Aslida unga mushtoq savob bir devor narida edi...

Luqma
—  Pismadonchiboy, ertaga iftorlik qilyapmiz, o‘ting-a?
—  Xo‘p, aka, soat nechchida?!...

Imkon qadar ro‘zaning ma’naviy–moddiy foydalari haqida ma’lumotlar berishga harakat qildik. Endi o‘zimizni bir taftish qilsak, zamondosh. Biz qanday ro‘zadormiz? Niyatimiz va amalimiz bilan ibodatimizga putur yetkazib qo‘ymayapmizmi? Ro‘zani xolis Alloh uchun, Uning mukofotidan umid qilib  tutyapmizmi? O‘rganib qolgan tilimiz g‘iybatga ketib ochu tashnalik bilan kunni o‘tkazmayapmizmi?

Uyqusizlik, ochlik va chanqoqlik mashaqqati sababli qosh-qovog‘imizni o‘yib, badjahl, horg‘in holatda yurib ro‘zaga iddao qilmayapmizmi? Muborak Ramazon oyida tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda, ijtimoiy tarmoqlarda muloqotda bo‘lganimizda bir-birimizdan “Ro‘zalar bilan charchamayapsizmi?” deb hol so‘raymiz.

Ramazonga, ro‘zaga malomat qilinayotgandek emasmikan bu mehribonchiligimiz? Iftorlik qilish iddaosi bilan bolalarimizning rizqidan qiymayapmizmi? Savobni uzoqdan izlab, shundoq yonginamizda turgan ikki dunyoimizni obod qilishga yetgulik savobdan bebahra qolmayapmizmi? Har kuni saharlikda “Xolis Alloh uchun Ramazon oyi ro‘zasini subhdan to kun botgungacha tutmoqni niyat qildim. Alloh Buyukdir!” deya tilda niyat qilib, amalimiz bilan uni inkor qilmayapmizmi?

Ro‘za ibodatini urf, parhez va yana allaqanday “avtoritet”lar uchun tutishga o‘zimizni majburlamayapmizmi? Mulohaza qiling, zamondosh, ro‘zadan maqsad — taqvo. Ochu yalang‘ochlar, muhtoju miskinlar holini his etish bilan ne’matlarga shukrona aytish va iymon lazzati, ibodat halovatidan bahramandlik bilan Allohga yaqin bo‘lishdir ro‘zaning asl mohiyati.

Biz uni qanday tushunyapmiz va nechog‘li ado eta olyapmiz?
Bu savollarga duch kelganida o‘zidan, vijdonidan uyalmaganlarga, qalbi va Rabbining huzurida yuzi yorug‘larga Ramazon halovati bardavom bo‘lsin! Ro‘zaning iymoniy lazzati ikki dunyoda sizni tark etmasin!

Umida ADIZOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biz qanday ro‘zadormiz?