13:00 / 03.05.2021
3 427

Qashqadaryoda o‘quvchiga tanbeh bergan homilador o‘qituvchi kaltaklandi (video)


Foto: NasafNews
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Cho‘lquvar qishlog‘ida joylashgan 50-sonli maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi o‘quvchiga tanbeh bergani uchun uning onasi va buvisi tomonidan kaltaklandi, deb xabar beradi NasafNews.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi 26 aprel kuni 2-sinflarga dars bergani kirgan va orqa partada o‘tirgan bolakay shovqin solib, dars jarayoniga xalaqit qilgan. Aniqlanishicha, bola «nulevoy» sinfdan bo‘lib, shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan onasi uni 2-sinflarga qo‘shib qo‘ygan.

«Bola juda erka va shovqin ko‘targani uchun unga tanbeh berdim. Dars tugadi. 5-soat boshlangandan keyin 1-A sinfga darsga kirdim, ingliz tili fanidan. Haligi bolakayning onasi yonimga keldi. ‘Nima uchun farzandimga urishasan, urding, ikki shapaloq urdin’, deb tuhmat qildi. Shundan keyin bu ayol 1-sinflarning oldida meni ura ketdi. Men agar biror ayb ish qilgan bo‘lsam, uzr so‘rayman dedim. Ammo u menga quloq solmadi»,  — deydi jabrlanuvchi.

Ayolning ta’kidlashicha, janjal direktorning xonasida ham davom etgan. Dars payti direktor o‘qituvchini chaqirtirgan. Xonada o‘quvchining buvisi bo‘lgan. U ham «nega nabiramni urasan, seni yo‘q qilaman, bo‘shattiraman» deya ayolga tahdid qilgan. Xonadan tashqariga chiqilganida, o‘qituvchining yuziga shapaloq tortgan. «Keyin ikkinchi qavatdan opasi yugurib chiqdida, u ham urib, kaltaklab ketdi. Kutilmagan zarbadan o‘zimni himoya qilolmay qoldim», — deydi jabrlangan o‘qituvchi.

Maktab direktori Olim Nurillayev ingliz tili o‘qituvchisining o‘zi bolani urganini aytib, voqeani «arzimagan tortishuv» deb baholagan. Direktorning aytishicha, uning xonasidan chiqqan bolaning buvisi va onasi zalda ingliz tili fani o‘qituvchisi bilan tortishib qolgan. Holat kuzatuv kamerasiga tushgan.

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘qituvchi 30 haftalik homilaning muddatidan oldin tushish xavfi bilan tuman tug‘ruqxonasiga 29 aprel kuni soat 20:30 da keltirilgan.

Travmatolog ko‘rigidan so‘ng uning chap yelka yuqori uchligida terida 3×4, chap boldir yuqori uchligida esa 6×4 santimetrli ko‘karishlar qayd etilgan. Shuningdek, viloyat perinatal markazidan kelgan malakali mutaxassislar tomonidan bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur muolajalar olib borilgan. Uni dori-darmonlar bilan ta’minlash, tibbiy ekspertizadan o‘tkazish choralari ham belgilangan. Ayni paytda bemorning ahvoli qoniqarli.

Kasbi tuman hokimligi ham mazkur holatga munosabat bildirgan bo‘lib, hozirda surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Ushbu holat yuzasidan ‘Cho‘lquvar’ MFY profilaktika inspektori tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlarini olib bormoqda. O‘qituvchi L.E.ning tan jarohati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. O‘qituvchining va ota-onaning xatti-harakatiga huquqiy baho beriladi. Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan maktab rahbariyatiga holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanishi mumkin», — deyiladi munosabatda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda o‘quvchiga tanbeh bergan homilador o‘qituvchi kaltaklandi (video)