18:52 / 06.05.2021
3 407

Qamoqdagi Rashid Qodirov mato sexida, Ixtiyor Abdullayev esa chinni sexida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi


Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev
Ombudsman boshchiligidagi monitoring guruhi navbatdagi tekshiruvni 6 may kuni 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida o‘tkazdi.
Bu muassasa – huquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari uchun mo‘ljallangan. Xususan, O‘zbekistonning sobiq bosh prokurorlari – Rashidjon Qodirov va Ixtiyor Abdullayev ham shu yerda saqlanmoqda.
Sobiq bosh prokuror o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov va Ulug‘bek Xurramov, shuningdek, sobiq MXX katta zobiti Javdat Sharifxo‘jayev ham shu yerda jazo muddatini o‘tayapti.

 Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)
Monitoringda qatnashgan inson huquqlari faoli, «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov qamoqxonada sobiq bosh prokurorlar bilan suhbatlashganini ma’lum qildi.

Foto: Facebook / Abdurakhmon Tashanov
«Avval mamlakatimizga uch muddat bosh prokurorlik qilgan Rashidjon Qodirov bilan suhbatlashdik. U kishidan sharoitlar, mahkumlarga muomala haqida so‘radim. Har holda hushyor odam – yaqin bir oyda manzil koloniyaga chiqishini, shikoyatlari yo‘qligini, BMT strukturalariga qiynoqlar bo‘yicha shikoyat qilmaganini, sog‘lig‘i yaxshiligini aytdi. «Yurak bo‘yicha avvalroq sangorodda davolangandik, hozir hammasi yaxshi», – dedi Qodirov.
«Ko‘rdikki, sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hozirda tikuv sexida ishlamoqda. Uning qo‘lidan chiqqan guldor matolardan tikilgan bejirim ayollar ko‘ylagi, lozimi va boshqa ashyolar ko‘zni quvontiradi», – deya yozadi u.

 Foto: Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)
Huquq faoli Ixtiyor Abdullayevni chinni sexida idishga naqsh solayotgan jarayonda uchratganini aytgan.
«Sobiq bosh prokurorga uning otasi va o‘g‘li bir qancha OAV orqali jamiyatchilik va prezidentga murojaat qilgani, unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani va hozirda uni yaqinlari bilan ko‘rishtirishmayotgani, izolyatsiyada saqlanayotgani haqida bayonotlar berishayotganini aytdim.

U kishi «hammasi yaxshi bo‘ladi, bu gaplar prezidentimizga yetib borsa, adolat qiladilar»dan nariga o‘tmadi.
Ta’kidlash kerakki, ikki sobiq bosh prokuror ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, komissiyalarning nimaligi, qayergacha bora olishini o‘tmishdagi faoliyati orqali yaxshi biladigan bu mulozimlar vaziyatni murakkablashtirib o‘tirishmadi. Har holda menga shunday tuyuldi
», – deya hikoya qiladi Abdurahmon Tashanov.

Foto: Facebook / Abdurakhmon Tashanov
Uning qayd etishicha, JIEMning tibbiy bo‘limiga kirib, Ixtiyor Abdullayevning tibbiy kartasi bilan tanishgan. Hujjatga ko‘ra, Abdullayev JKning 242- va 301-moddalari bilan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yaqin orada ikki marta o‘tkazilgan kovid testi manfiy chiqqan. Bo‘yin umurtqa pog‘ona qismidagi og‘riqdan shikoyat qilgan.

Ko‘zining ko‘rish darajasi birinchi ko‘zda +1 va ikkinchi sohada +2,58. Tibbiyot qismi okkulistining aytishicha, Abdullayev 2017 yilda Germaniyada ko‘z gavharlarini almashtirish bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan. Ya’ni ko‘z xastaligi tergov yoki zonada orttirilmagan, deya qayd etgan «Ezgulik» jamiyati raisi.

Foto: Facebook / Abdurakhmon Tashanov
«Sexlardan chiqayotib, sobiq MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev bilan ko‘rishdim. U gapni qisqa qilib, hech qanday shikoyati yo‘qligini ta’kidlagan holda qochib qoldi...
Yana bir ma’lumot. Ijtimoiy tarmoqlarga yaxshi tanish bo‘lgan MXX polkovnigi Nodir To‘raqulov yaqin-yaqingacha shu yerda ekan – Jasliqqa (umrbod)ga o‘tkazishibdi. Hamtovog‘i Shuhrat G‘ulomovning oldiga ketibdi
», – deydi huquq faoli.

1700 nafar mahkumni saqlashga mo‘ljallangan mazkur koloniyada hozirgi kunda 273 nafar mahkum jazo muddatini o‘tamoqda.
«Umuman, koloniyadagi manzara meni qoniqtirdi. Masalan, siyosiy ahamiyatga molik bo‘lgani uchun bosh prokurorlarga alohida mulozamat yoki kuzatuv yo‘q. Alohida osh-ovqat ham ajratilmagan. Ko‘pchilik nima bo‘lsa, shu.
Koloniyaning kattagina qismi ta’mirda ekan. Oshxonadagi osh-ovqatlar yomonmas. Kutubxona, sport zallari va zerikib qolmaslik va pul topish uchun tashkil qilingan sexlar shular jumlasiga kiradi.
G‘alatiroq taassurotlar bilan qaytdim. Bir paytlar u bilan suhbatlashish, so‘roqqa tutish tugul oldiga bora olmaganimiz bu odamlar bugun mahzun, avvalgi salobatdan asar ham yo‘q...
» – deydi Abdurahmon Tashanov.

Uning qayd etishicha, koloniyaning boshqa turdoshlaridan sharoit nuqtayi nazaridan deyarli farqi yo‘q. Qamoxonalarga belgilangan standartlar asosida tibbiyot, o‘quv, ovqatlanish va ishlab chiqarish bo‘limlari tashkil qilingan. Sport mashg‘ulotlari uchun alohida sharoitlar bor.
Xullas, qamoqxona sharoiti, umumiy ahvol, mahkumlarga munosabat masalasida muammolar ko‘pam ko‘zga tashlanmaydi, deya xulosa qiladi inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qamoqdagi Rashid Qodirov mato sexida, Ixtiyor Abdullayev esa chinni sexida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi