19:30 / 03.06.2021
1 088

1 avgust — OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkaziladigan kun qanday ob-havo kutilmoqda?

1 avgust — OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkaziladigan kun qanday ob-havo kutilmoqda?

«O‘zgidromet» 2021 yil 1 avgust — OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkaziladigan kun qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning yoz oylari qolgan yillarga nisbatan salqinroq bo‘lgan. Jumladan, 2020 yilning mutlaq maksimal havo harorati 40,2 daraja issiqni tashkil etgan, bu qiymat 2019 yilning mutlaq maksimal havo haroratidan 2,3 darajaga, 2018 yildan esa 2,8 daraja salqinroq bo‘lgan. Bunday holat 2020 yil 1 avgust kunida ham kuzatilgan. Shu kuni havo harorati 2019 yilning 1 avgust kunidagi maksimal havo haroratidan 6,5 darajaga, 2018 yilning 1 avgustidan esa 3,7 daraja salqinroq bo‘lib, 32,5 daraja issiqni tashkil etgan.

«2021 yilning 1 avgust kuni havo harorati me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu kuni ob-havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi (10—20 foiz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor). Shamol o‘rtacha tezlikda esadi. Harorat kechasi 20-25 daraja, kunduzi 35-40 daraja bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

«O‘zgidromet»ning qayd etishicha, yuqori havo harorati inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U terlashga olib kelishi, bu esa o‘z navbatida organizmni suvsizlanishiga, mineral suvlar va foydali vitaminlarni yo‘qolishiga, shuningdek, yurak-qon tomir tizimi faoliyatida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqishi, nafas olish tezligini oshirishi hamda e’tiborning zaiflashishi, reaksiyani pasayishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ob-havo sharoitining inson organizmiga ta’sirining yumshatish maqsadida «O‘zgidromet» quyidagilarni tavsiya etgan:
  • respublikada odatda havo haroratining yuqori darajaga ko‘tarilishi 12:00 dan 15:00 lar davriga to‘g‘ri keladi. Bundan kelib chiqib test sinovlari soat 09:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqtda o‘tkazish;
  • imtihonlarni iloji boricha bino ichida yoki salqin joylarda o‘tkazish;
  • abituriyentlarni muntazam ravishda ichimlik suvlari bilan ta’minlab borish.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda OTMga kirish uchun o‘tkaziladigan imtihonlar 2 sentabrdan boshlanib, stadionlarda bo‘lib o‘tgan edi.
DTM bosh boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev 2021/2022-o‘quv yili uchun OTMlarga kirish test sinovlarini 2 ta ssenariy — yopiq va ochiq maydonlarda o‘tkazish kelishib olinganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, test sinovlari o‘tkazish uchun 46 800 nafar abituriyent uchun mo‘ljallangan 96 ta katta sig‘imli yopiq bino, 59 040 nafar abituriyentni sig‘diradigan 65 ta stadion tanlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » 1 avgust — OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkaziladigan kun qanday ob-havo kutilmoqda?