Surxondaryoda 3,5 ming yillik qabriston aniqlandi

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida Sopolli madaniyatiga oid, taxminan 3,5 ming yil avvalgi qabriston aniqlandi. Mazkur arxeologik topilma miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga tegishli ekani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ozod yodgorligi 2023 yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida olib borilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan. U Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepadan qariyb 6 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Taxminan 200×100 metr hududni egallagan yodgorlikda 100 ga yaqin qabr borligi aniqlangan. Joriy yilning 15 avgustidan boshlab uning janubi-g‘arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabrlarda arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki tadqiqotlar davomida qabrlardan topilgan buyumlar va dafn inshootlarining tuzilishi Sopolli madaniyatiga xos ekani aniqlangan. Radiokarbon tahlillari hamda topilmalarning qiyosiy o‘rganilishi yodgorlikning miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga oidligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, Ozod yodgorligi Surxondaryo havzasidagi eng qadimgi qabristonlardan biri bo‘lishi mumkin. Shu sababli topilma qadimgi aholining dafn marosimlari va an’analarini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Hozirda yodgorlik hududida arxeologik qazuv va tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.






























Izohlar 0
…