08:00 / 13.06.2021
1 173

Milliy sertifikat imtihonlari savollari sotuvga chiqib ketgani haqidagi xabarlarga DTM ning javobi

Milliy sertifikat imtihonlari savollari sotuvga chiqib ketgani haqidagi xabarlarga DTM ning javobi

Davlat test markazi Milliy sertifikat imtihonlari savollari sotuvga chiqib ketgani to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

DTMning ma’lum qilishicha, hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan milliy test tizimi joriy etilgan. Test savollari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va DTM tomonidan respublikaning barcha hududlarida tashkil etilib, o‘tkazilgan.

Hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan 2 marotaba milliy sertifikat uchun test sinovlari tashkil etilgan. Test sinovlari jarayoni to‘liq videokuzatuv kameralari ostida o‘tkazilgan.

Test materiallari Davlat feldegerlik xizmati xodimlari tomonidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga maxsus transport vositalari orqali maxfiylik ta’minlangan holda test sinovi boshlanishidan bir soat oldin yetkazilgan. Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng Davlat feldegerlik xizmati xodimlari muhrlangan maxsus qoplardagi test materiallarini Davlat test markazi xodimlaridan qabul qilib oldi va barcha materiallar to‘liq holda markazga qayta yetkazilishi ta’minlandi.

DTM axborot xizmatining ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maqolalarda keltirilgan kimyo fanidan test topshiriqlari 11 may kuni o‘tkazilgan jarayonga tegishli bo‘lib, 9 iyun kuni o‘tkazilgan imtihonda mazkur test topshiriqlaridan foydalanilmagan. Biologiya fani bo‘yicha keltirilgan test topshiriqlari, haqiqatan ham, 10 iyun kuni o‘tkazilgan test sinovlariga oid. Biroq u test sinovi o‘tkazib bo‘linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko‘plab xatolar bilan kompyuterda terilgani, rasmli test topshiriqlarida rasmlarning keltirilmagani aniqlangan.

Olingan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim o‘quv markazlari tomonidan «bu savollar tushadi» bahonasida tayyorlangan savollar jamlanmasi shaxslarga sotilgani ma’lum bo‘lgan. Bugungi kunda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va Davlat test markazi hamkorligida tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Milliy sertifikat imtihonlari savollari sotuvga chiqib ketgani haqidagi xabarlarga DTM ning javobi