22:34 / 30.08.2021
3 017

«Noyob ovozga egaligining o‘zi qahramonlik» – Shavkat Mirziyoyev

«Noyob ovozga egaligining o‘zi qahramonlik» – Shavkat Mirziyoyev
Ko‘ksaroy qarorgohida 30 avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan bir guruh turli soha vakillarini taqdirlash marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevaga «O‘zbekiston Qahramoni» unvonini berib, oliy nishon — «Oltin yulduz» medalini topshirdi. Shundan so‘ng davlat rahbari maqom san’ati hamda Munojot Yo‘lchiyeva haqida o‘z fikrlarini bildirdi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

«Munojotxon noyob ovozi, betakror ijro mahorati, o‘zbek ayoliga xos go‘zal fazilatlari bilan hammamizning muhabbatimiz, hurmatimizni qozongan. Men nima uchun ko‘proq maqomga e’tibor beraman? San’atni tushungan inson biladiki, barcha san’at maqomdan paydo bo‘ladi. Maqomni o‘rganib, uning ichiga kirib, san’atkor bo‘laman, degan odam maqomni bilishi kerak.

Har bir inson Munojotxonni ko‘rganida g‘urur bilan o‘z onasi, singlisini, go‘zal fazilatli o‘zbek ayolini ko‘rgandek bo‘ladi. Ko‘p yillardan beri atrofimdagi insonlar «San’atkorlarga ham ‘O‘zbekiston Qahramoni’ unvonini bersa bo‘ladimi, o‘ylab ko‘ring», deyishar edi. O‘ylab-o‘ylab shu fikrga keldim: ularga bu unvonni berish mumkin, berish kerak.

Munojatxonning noyob ovozga egaligi, hozirgacha ham o‘z ustida ishlashi, tartib-intizom bilan konservatoriyada yoshlarga ta’lim berishlarining o‘zi qahramonlik. Men o‘ylaymanki, ushbu e’tirof, ehtirom hali juda katta kuch beradi. Kelajakda, avvalambor ayollarimiz, qizlarimizga, maqomchilikdagi ijro mahorati bo‘yicha esa o‘z ustilarida ishlashi jihatidan yoshlarga o‘rnak bo‘lasiz, degan katta umid bilan sizni tabriklayman. Kelgusida ayni soha bo‘yicha niyatlarim juda ko‘p, nasib qilsa birgalikda amalga oshiramiz», — dedi Prezident.

Ma’lumot uchun, Munojot Yo‘lchiyeva 1960 yilda Andijon viloyati Buloqboshi tumanida dunyoga kelgan. U AQSH va Buyuk Britaniyaning o‘nlab shaharlarida, shuningdek, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Hindiston, Italiya, Shveysariya, Braziliya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya, Rossiya, Hindiston singari davlatlarda gastrol konsertlarini taqdim etgan. 1997 yilda Sharq taronalari 1-xalqaro musiqiy festivalida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 1994 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 1998 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan. Munojot Yo‘lchiyeva bugungi kunda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Noyob ovozga egaligining o‘zi qahramonlik» – Shavkat Mirziyoyev