22:30 / 07.09.2021
2 419

Qarzdor ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatganligi bois, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan

Qarzdor ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatganligi bois, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan
Joriy yilning 5 sentabr kuni «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi «Turon24» kanalida «Qashqadaryoda o‘qituvchi aliment sababli qamaldi» sarlavhali videoxabar tarqaldi. Ushbu xabar Byuroning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Aytib o‘tish kerakki, Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilari sud va boshqa vakolatli organlar qarorlarini ijro etadi. Ushbu qarorlardan norozi bo‘lgan fuqarolar sudga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi va bu haqida ularga tushuntiriladi. Ammo ba’zida qarzdorlar buni bilishsa-da, o‘z alamini davlat ijrochilaridan olmoqchi bo‘lishadi. Qarzdor fuqaro E.Sadinov ham shu yo‘lni tanladi.

Aniqlanishicha, FIB Qarshi tumanlararo sudining 08.09.2018 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor E.Sadinovdan undiruvchi Z.Rahmonovaning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ¼ qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati 20.09.2018 yilda Byuroning Qamashi tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish to‘g‘isida qaror qabul qilinib, taraflarga ma’lum qilingan. Shuningdek, ularga o‘z qonuniy huquq va majburiyatlari tushuntirilgan, qarzdor E.Sadinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to‘g‘rsida qaror qabul qilingan.

E.Sadinov 2021 yilning may oyiga qadar bo‘lgan aliment pullarini to‘lagan. Davlat ijrochisi tomonidan 24.08.2021 yildagi aliment qarzini hisoblash to‘g‘risidagi qaroriga asosan qarzdor iyun, iyul va avgust oylari uchun aliment pullarini to‘lamaganligi bois, qarzdorligi 1.947.615 so‘mga yetgan.

E.Sadinovga aliment to‘lash bilan bog‘liq qonunchilik talablari yana bir bor to‘liq tushuntirilib, aliment pullari to‘lanmasdan qolgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47/4-moddasi talablari asosida javobgarlikka tortilishi haqida rasmiy ogohlantirish berilgan.

Da’vogar Z.Rahmonovaning murojaati asosida joriy yilning 24 avgust kuni qarzdor E.Sadinovning aliment qarzdorligini undirish maqsadida, uning ijro varaqada ko‘rsatilgan manziliga bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, davlat ijrochilari va xolislar ishtirokida borilgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor va uning onasiga sud qarorida ko‘rsatilgan talablar tushuntirilib, qarzdorlikni bartaraf etishlari, aks holda, qarzdorlik uning mol-mulki hisobidan undirilishi takroran aytilgan. Aslida qarzdorga bu haqida sud qarori chiqqan paytda ham, undan keyin bir necha marotaba aytilgan. Shuningdek, hammamiz yaxshi bilamizki, qonunni bilmaslik, hech kimni javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Qarzdorlik bartaraf etilmaganidan so‘ng, davlat ijrochilari tomonidan qarzdorning mulkiy holati ko‘zdan kechirilib, yashash uyidan bir dona 32 dyumli rangli televizor xatlab chiqilayotgan vaqtda qarzdor va uning oila a’zolari tomonidan ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatilgan. Nojo‘ya so‘zlar bilan xodimlarni xaqorat qilib, ularning qo‘l, yuz va tanasining turli qismlariga yengil tan jarohati yetkazib, (shuningdek, temir jism bilan ham) davlat organi xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan, Qamashi tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, qarzdor E.Sadinovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosi
Qashqadaryo viloyat boshqarmasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qarzdor ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatganligi bois, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan