22:02 / 23.09.2021
2 808

Toshkentda 5 talabaning zaharlanib vafot etishida ayblangan ijarachi ayolga sud hukmi o‘qildi

Toshkentda 5 talabaning zaharlanib vafot etishida ayblangan ijarachi ayolga sud hukmi o‘qildi
Foto: «Xabar.uz»
Toshkent shahri Yunusobod tumanida is gazidan zaharlanib vafot etgan ijarada turuvchi besh talaba o‘limida ayblangan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, sudlanuvchi ayol olti nafar talaba bilan qonuniy ijara shartnomasi tuzmay, ularni hayot uchun xavfli va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan uyiga ijaraga qo‘ygan. Qayd etilishicha, xonadon «Hududgaz poytaxt» MCHJning tuman filiali xodimlari tomonidan tekshirilgan.

Ular isitish pechining dudburoni nosozligi: tortmayotgani, chirigani sababli qayta ulanmasligi, gaz idorasining mas’ul xodimi tomonidan isitish pechi dudburonining sozligi tekshirilgandan so‘nggina isitish pechini yoqish shartligi haqida ogohlantirgan.

Biroq uy egasi ijarada yashovchi talabalarga gaz idorasi xodimi bilan telefon orqali gaplashib, undan og‘zaki ravishda ruxsat olganini aytgan va talabalarning o‘ziga dudburonni sozlashga ruxsat bergan.

Shunga ko‘ra, ijarachilar o‘zlari bilganicha yerto‘lada joylashgan pech dudburonining quvurlarini to‘liq tozalamay, gazni yoqib, ijara uy xonalarini isitib kelgan. Bu orqali uy egasi Vazirlar Mahkamasining «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan 2-ilova 139-qismining bir qancha bandlarini buzgan. Oqibatda ijarada yashovchi 5 nafar ijarachining murdalari noma’lum etiologik moddadan zaharlanish tashxisi bilan topilgan.

Respublika sud-tibbiyot ekspertizasi Toshkent shahar Morfologiya bo‘limining xulosasiga ko‘ra, ijarachilarning o‘limiga is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasida o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2021 yil 23 apreldagi kompleks ekspertiza xulosasiga ko‘ra, xonalarda o‘rnatilgan gaz uskunasi va jihozlari texnik va me’yoriy qoida talablariga asosan o‘rnatilmagani, amaldagi talablarga javob bermasligi, gaz uskunasi va jihozlarining dudburonlari to‘g‘ri o‘rnatilmagani amaldagi talablarga javob bermasligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida uy egasiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Unda sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 102-moddasi 2-qismi (ehtiyotsizlik orqasidan ikki va undan ortiq odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilgan va unga shu modda bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda 5 talabaning zaharlanib vafot etishida ayblangan ijarachi ayolga sud hukmi o‘qildi