11:58 / 28.09.2021
2 071

Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan suhbatlashdi

Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan suhbatlashdi
Namanganda saylovchilar bilan uchrashuv yakunlanganidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumani "Orzu" MFYda yangi qurib bitkazilgan "Saxovat uyi"ga tashrif buyurdi.

Namangandagi "Saxovat uyi" uyi muammosi amaldagi prezidentning viloyatga avvalgi tashrifida ko‘tarilgan, 2021 yil 19 fevralda Shavkat Mirziyoyev qariyalar turmush sharoiti bilan tanishib, mutasaddilarga zudlik bilan chora ko‘rishni tayinlagandi. O‘tgan 4 oy davomida 120 o‘rinli kompleks to‘liq qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi.

Bir kam dunyo deyishadi, hammaning ham o‘ziga yarasha tashvishi bor. Mening maqsadim sizlarning tashvishingizni oz bo‘lsada yengillatish. O‘ylaymanki sizlar uchun yaratilgan bu sharoitlardan xursand bo‘lasiz. O‘zi o‘tgan safar sizlardan xabar olish uchun kelmoqchi bo‘lganimda menga yo‘l yomonligini aytib chalg‘itmoqchi bo‘lishgandi. Men “Otda bo‘lsa ham ko‘rishga boraman”, degandim. Ko‘nglim sezgan ekan, oldingi joyingiz sizlarga munosib emasdi. Endi bu yerda bemalol dam olib, yoshlarni duo qilib o‘tirasizlar”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

"Saxovat uyi"dagi sharoitlar bilan tanishuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan ham suhbatlashdi:
Mana, saylovchilar bilan uchrashuvlarimizni kuzatib boryapsizlar. Katta islohotlar va’da qilyapmiz, har bir hududning sharoitidan kelib chiqib alohida dastur va rejalar tuzyapmiz. Bilaman, islohotlar oson bo‘lmaydi. Men ham oson yo‘l tutishim mumkin edi. Lekin inson bu dunyoga bir marta keladi va o‘z xalqi og‘irini yengil qilish uchun yashashi lozim.

Menga yig‘ilishlarni ko‘p o‘tkazyapsiz, deyishadi. Lekin aytinglar-chi, bir sohani muhokama qilib, boshqa soha haqida to‘xtalmaslik mumkinmi? Axir hamma saylovchilar o‘zining sohasi bo‘yicha yangiliklar kutadi, “qani, bizda nima o‘zgarish bo‘lar ekan?” degan savol qo‘yadi. Men har bir uchrashuvdan keyin katta mas’uliyat bilan qaytaman, chunki aytildimi, bajarilishi kerak.

Andijonda 400 ming aholiga shahar quryapmiz, endi namanganliklar savol qo‘yishyapti, bizda bunday shahar barpo etilmaydimi, deb. Albatta, bu yerda ham quramiz. Faqat avval infrastrukturani yaratamiz, yo‘lini qilamiz, kommunikatsiyani olib kelamiz, maktab, bog‘chalarini ham tengma-teng barpo qilamiz. Yodingizda bo‘lsa poytaxtning Sergeli tumanida 500 ta uy qurishga kirishgandik. O‘shanda birinchi masala aholini uy-joyi bilan ta’minlash edi. Ammo keyinchalik maktab, bog‘cha kabi ijtimoiy ob’ektlarga tabiiy ehtiyoj paydo bo‘ldi.

Mahallalarga yangi mas’uliyat yuklayapmiz, endi quyi bo‘g‘inda tumandagi mahallalarga biriktiriladigan “hokim yordamchilari” lavozimlari joriy etiladi.

Ular mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali, kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni yaratish bo‘yicha, ishlar olib boradi. Mahallada budjet qachon ko‘payadi – tadbirkorlik rivojlansa.

Xo‘sh, tadbirkorlik qachon rivojlanadi – zarur sharoit yaratilsa rivojlanadi. Gaz kerak, svet kerak, suv kerak. Ammo bu borada imkoniyatlarimiz cheklangan, yangicha yondashuv, innovatsiyalar lozim. Birgina shamol yoki quyosh stansiyalari kabi energiya manbalari bunga misol bo‘la oladi. Mustaqilligimiz iqtisodimiz baquvvat bo‘lsa yanada mustahkam bo‘ladi
”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

28 sentabr kuni Namangan viloyatidagi uchrashuvlarini yakunlagan Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga yetib keldi. 29 sentabr kuni bu viloyatda nomzod o‘z dasturi bilan ma’ruza qilishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan suhbatlashdi