09:46 / 22.10.2021
661

Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi Gold Fish Agro baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi Gold Fish Agro baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Gold Fish Agro baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
Jizzax viloyatida 220 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda yil yakuni bilan jami 23 ming tonna baliq yetishtirish mo‘ljallanmoqda.

Bu yil ularning safiga Gold Fish Agro mas’uliyati cheklangan jamiyati ham qo‘shildi. Qiymati 30 milliard so‘mlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan.

Klaster maydoni 43 gektar bo‘lib, shundan 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Sun’iy hovuzlarda Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu doimiy suv talab qilmaydi, balki o‘zidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sun’iy hovuzda mingtagacha sazan boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sun’iy ko‘llarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanmoqda.

Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega. Shu yerning o‘zida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar ham bor.

Davlat rahbari baliq yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu tajribani ommalashtirib, aholini ham jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
«Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish deyapmiz, har bir xonadonda daromad manbai yaratishni o‘ylayapmiz. Mana tayyor loyiha. Shunday hovuzlarni yetkazib berib, tartib-qoidasini o‘rgatib, uy sharoitida baliq boqishni ko‘paytirish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqaruvchilarni xom ashyo va aylanma mablag‘ bilan ta’minlab, sun’iy hovuzlarni ko‘proq tayyorlash va joylarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu yerda Jizzax viloyatida uzumchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimot qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Hudud tabiati uzumchilik uchun juda qulay. Bundan foydalanib, Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Sharof Rashidov, Zarbdor va Yangiobod tumanlarida 42 ta klaster tashkil qilinib, 50 ming gektar maydonda tokzor va intensiv bog‘lar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanida uzumchilik klasteri tashkil etib, mahsulotni ko‘paytirish, ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Aholiga hosildor navlar berib, uzumini sotib olishni yo‘lga qo‘yish orqali besh ming kishining bandligini ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi Gold Fish Agro baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi