15:50 / 22.10.2021
2 122

Ilmiy tadqiqotchi Oydin Haqnazarova: «Manzilga yetmaydi mayda qadamlar...»

Ilmiy tadqiqotchi Oydin Haqnazarova: «Manzilga yetmaydi mayda qadamlar...»
Toshkentga kelib yotoqxonada yashamagan, propiska, ijara muammosini boshidan o‘tkazmagan odam bo‘lmasa kerak. Ayniqsa u ilm kishisi bo‘lsa. Chunki ilmni tanlagan odamda ortga qaytishga yo‘l bo‘lmaydi. Buxoroning Shofirkon tumanida tug‘ilgan Oydin Haqnazarova ayni damda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida o‘qituvchi, tadqiqotchi.

—Otam beshta bolani o‘qitaman, deb Toshkentga kelgan. Uydagilarga yordam berish maqsadida ish izlaganman. Lekin poytaxtdan biron joydan ish topolmaganman. Dastlab San’at va madaniyat institutida o‘qidim. To‘qimachilik va yengil sanoat institutida amaliyotga qatnab yurib laborant bo‘lib ishga kirdim. Keyin shu yerda ikkinchi mutaxassislikda, magistraturada o‘qidim... Albatta o‘qituvchi uchun yotoqxonada yashash oson emas, yana talabalar orasida. Ammo shu kunlar bizni tarbiyaladi. Barcha o‘qituvchilarning orzusi uylik bo‘lish edi. Hatto bu haqda «Uy dardida» degan she’r ham yozganman. Afsuski bu kunlarimni onam ko‘rolmadi.

Oydinning onasi o‘zi aytganidek, har bir ishida suyanch, qalqon edi. «Ilm qilishing kerak», «Imtiyozli uylarga hujjat topshirib qo‘y», deya Oydinga doimo motivatsiya bergan ham onasi edi. Doktoranturaga hujjatlarini topshirishga ketganida Oydin onasidan ajrab qoldi... Bir fursat Oydin barcha narsaga qo‘l siltadi. Ammo u endi onasining orzularini ushaltirish uchun ham harakat qilish kerakligini anglab yetdi. Keyin uning eng katta orzusi ushaldi. Institutdan Oydinning familiyasi ham imtiyozli uy berilishi kerak bo‘lgan ro‘yxatga kiritilibdi.

—Menga uyning kaliti va sertifikati topshirilganda ham quvondim, ham yig‘ladim. Onamning bu kunlarimni ko‘rmagani uchun o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim. Lekin bu yangilikni baham ko‘radigan yana bir qadrdonim — otam bor edi. Otamning oldiga go‘yoki qanot yozib uchib bordim. Otam xushxabarni eshitib meni mahkam quchoqlarkan, titraganini sezdim, axir bu biz uchun chinakam mo‘’jiza edi. Tasavvur qiling, necha yillik orzuim ushaldi. Endi bolalarimning alohida dars qiladigan xonasi bo‘ladi, mening ham uyim bor, degan faxr tuyg‘usi bor edi qalbimda. Shunda angladimki, odam orzudan tashqari maqsadi yo‘lida tinmay mehnat qilish kerak ekan...

Men har doim mana bu she’rni aytishni yaxshi ko‘raman:
Manzilga yetmaydi mayda qadamlar,
Mayda orzulardan asrangin yurak,

Mayda gap-so‘zlarni qo‘ying odamlar,
Toki maydalashib ketmasin hayot.

Mayda orzulardan asrangin yurak,
Katta she’riyatni sol dilistonga,

Katta maqsad, katta qadamlar kerak,
Katta yo‘lga chiqqan O‘zbekistonga.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ilmiy tadqiqotchi Oydin Haqnazarova: «Manzilga yetmaydi mayda qadamlar...»