21:13 / 25.10.2021
1 789

Maqsuda Vorisova va Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi

Maqsuda Vorisova va Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi
Xalq demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari, partiya nomidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.

«Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidentligiga bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bo‘yicha O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev juda katta farq bilan g‘olib chiqqanini e’lon qildi. XDPdan ko‘rsatilgan nomzod 6,6 foiz bilan 2-o‘rinni egalladi. Biz buni xalqimiz siyosiy irodasining amaldagi ifodasi deb bilamiz va saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olamiz», — dedi u partiya tashkil etgan brifingda.

Maqsuda Vorisova «xalqning ushbu tanlovini hurmat qilishini va qadrlashini» ta’kidladi.

«Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan ‘Yangi O‘zbekiston strategiyasi’ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi. Biz ham, o‘z navbatida, saylangan prezidentga xalqimiz farovonligini ta’minlash va yurtimiz ravnaqiga qaratilgan ulug‘vor maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda o‘zimizning hissamizni qo‘shishga va tinimsiz ishlashga tayyorligimizni bildiramiz», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.

Bundan tashqari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ham Shavkat Mirziyoyevni g‘alaba bilan tabrikladi.

Alisher Qodirovning o‘zi esa saylovchilarning 5,5 foiz ovozini qo‘lga kiritdi. Shu munosabat bilan 25 oktabr kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashida brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

Brifingda Alisher Qodirov so‘zga chiqib, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston prezidenti saylovi nihoyasiga yetgani va ushbu saylov natijalarini esa keyingi yillarda mamlakatni yangilash, hayotning barcha sohalarini yanada demokratlashtirishga qaratilgan siyosat in’ikosi bo‘lganini qayd etdi.

«Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni o‘zi va partiya nomidan samimiy tabriklab, barchaning umumiy maqsadimiz bo‘lgan ona Vatanimizning taraqqiyoti va xalqimizning farovonligi yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda faoliyat ko‘rsatishimiz lozimligini ta’kidladi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 80,1 foiz foiz ovozi bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi.

Shuningdek, XDP nomzodi Maqsuda Vorisova 6,6 foiz, «Milliy tiklanish» nomzodi Alisher Qodirov 5,5 foiz, Ekopartiya nomzodi Narzullo Oblomurodov 4,1 foiz va «Adolat» nomzodi Bahrom Abduhalimov 3,4 foiz ovoz oldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maqsuda Vorisova va Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi