Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Toshkentda dekan o‘rinbosari talaba qizga tegajog‘lik qilib uni oynadan itarib yuborgani haqidagi xabarlar keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva bunga munosabat bildirib, talaba qizlarga nisbatan shilqimlikni jiddiy muammo deb atadi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasining bu boradagi murojaatini «Nemolchi.uz» e’lon qilgandi. Unda qiz Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha 37 yoshli dekan o‘rinbosarining xonasiga kirganida eshikni ichkaridan qulflab, unga tegajog‘lik qilmoqchi bo‘lganini, oyna oldiga kelib, yordamga chaqirmoqchi bo‘lganida erkak uni derazadan itarib yuborganini bildirgan.
«Menimcha, qiz-ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi bunday OAV faoliyati — katta muvaffaqiyat hamda adolatsizlik va seksizmga toqat qilishni istamaydiganlarning so‘nggi umididir. Fond ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bunday ommaviy axborot vositalarini olqishlashi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqchiman», — deydi Saida Mirziyoyeva.
Shu bilan birga jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini ta’kidlab o‘tgan.
«Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat’iyati tahsinga sazovor. Biroq tazyiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mash’um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha! Jabrdiydaning o‘zini ayblab, tergovni yopdi-yopdi qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko‘ndirgani yoki qo‘rqitib qo‘ygani uchun suvdan quruq chiqqan?», — deydi u.
Saida Mirziyoyeva bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyiha zarurligini bildirib o‘tdi.
«Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o‘ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAV harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur.
Shunda nafaqat o‘qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeyini suiiste’mol qilish bilan qonunni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi», — deb ta’kidladi O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi.
Eslatib o‘tamiz, talaba qiz 18 oktabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tezkor tekshiruvlar natijasida unga katatravma, qo‘shma jarohat, o‘ng o‘tirgich va qov suyaklarining sinib siljishi, quymuch suyagining o‘ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o‘sig‘ining sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, ikkinchi darajali travmatik shok tashxislari qo‘yilgan.
Qizning yaqinlari aytishicha, dekan o‘rinbosari tomonidan kelgan odamlar ularga o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishlari uchun pul taklif qilgan. Dekan o‘rinbosari esa hammaga qiz o‘z joniga qasd qilgan demoqda. U o‘qigan fakultet talabalarini to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazilgan.
19 oktabr kuni dekan o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 105 (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 118-moddasi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 23 oktabr kuni ekspertiza javobi chiqishi bilan dekan o‘rinbosari protsessual tartibda ushlangan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba qizga tegajog‘lik qilingani aytilgan universitet rahbariyatiga qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qildi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi