12:06 / 15.11.2021
1 956

«Endi qog‘oz jurnal, reyting daftarcha bo‘lmaydi, talaba guvohnomasi ham ID kartaga o‘tkaziladi» — Vazir

«Endi qog‘oz jurnal, reyting daftarcha bo‘lmaydi, talaba guvohnomasi ham ID kartaga o‘tkaziladi» — Vazir
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov shanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida asosiy e’tiborni oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish masalasiga qaratdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, «dunyo tajribasida tizim raqamlashtirilsa, inson omili minimallashtirilsa, korrupsiya bo‘lmaydi».

Buning uchun Hemis axborot dasturi ishga tushirilgani va u orqali ma’muriy, o‘quv, ilmiy, moliyaviy yo‘nalishlar bo‘yicha barchasi raqamlashtirilishi ta’kidlangan. «Bu ochiqlik, shaffoflik, adolatni beradi, vaqtni iqtisod qiladi, eng muhimi xarajatni qisqartiradi», — deydi u.

Vazirning aytishicha, raqamlashtirish barcha jarayonga birdek ta’sir qiladi.

«O‘shaning uchun ham bugundan rektorlar kirishishi kerak, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmaydi. Talaba guvohnomasini ham ID kartaga o‘tkazish va unda barcha ma’lumotlar saqlanishi bo‘yicha budjet loyihasi o‘tdi. Bu ham muhokamada hozir», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endi har bir fakultetga kirganda ko‘zga tashlanib turuvchi, A1 va A2 formatdagi o‘quv prorektori tasdiqlagan dars jadvali — bu ko‘rsatkich emas.

«Vazir, mas’ullar borganida talabaning qo‘lidan smartfonini olib, uni ilovada ko‘rsatib berishi, dars jadvali uning telefonida bo‘lishi kerak. Ota-onasining telefonida bo‘lishi kerak», — deydi u. Toshqulov, shuningdek, xorijlik hamkasblari oldida uyalib qolayotganini ham aytib o‘tgan.

«Men hozir xorijlik rektor hamkasbimiz oldida — buni endi qilyapmiz deyishga uyalyapman. Bu 10−15 yil oldin Yevropa, G‘arbda, Sharqda qilingan narsa. Lekin hechdan ko‘ra kech», — deya qayd etadi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir rektor, har bir o‘qituvchi bundan manfaatdor bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulov 14 yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlangandi. Shavkat Mirziyoyev sobiq oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov (O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor bo‘ldi) tizimda o‘zgarishlar qilolmagani uchun lavozimidan ozod etilganini aytgandi.

Tayinlovdan keyin Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasasida hammasini isloh qilish uchun atigi 3 oy yetarli ekanini aytgan, vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan bir qator rektorlarni tanqid qilgani edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Endi qog‘oz jurnal, reyting daftarcha bo‘lmaydi, talaba guvohnomasi ham ID kartaga o‘tkaziladi» — Vazir