20:14 / 29.12.2021
1 189

Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» mukofoti va Toshkentdan 2 xonali uy sovg‘a qilindi

Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» mukofoti va Toshkentdan 2 xonali uy sovg‘a qilindi
Foto: MOQ
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Polshaning Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va mazkur sport turining rapid yo‘nalishida jahonning eng yosh chempioni sifatida e’tirof etilgan Nodirbek Abdusattorovni mukofotlash to‘g‘risidan farmon imzoladi.

Farmonga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlandi hamda prezident ko‘rsatmasi bilan unga Toshkent shahrida 2 xonali xonadon sovg‘a qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 28 dekabr kuni Polshaning Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat musobaqasining rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishdi va Jahon chempioniga aylandi.

Nodirbek va uch nafar shaxmatchi Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy, Fabiano Karuana 13 tur yakunlariga ko‘ra 9,5 ochkodan to‘pladi. Shundan so‘ng g‘olib nomini aniqlash uchun taybreykka murojaat qilindi.

Taybreykda Abdusattorovga rossiyalik Yan Nepomnyashiy raqiblik qildi. Abdusattorov dastlabki raundni qora donalarda o‘tkazdi hamda unda durang qayd etildi. Keyingi partiyada o‘zbekistonlik shaxmatchining qo‘li baland keldi.

Nodirbek Abdusattorov 2017 yilda, 13 yoshida grossmeysterlik unvonini olgan. 2021 yil yanvar holatiga ko‘ra, Abdusattorov shaxmat tarixidagi eng yosh beshinchi grossmeyster bo‘lib turibdi. U 2018 yilda O‘zbekiston terma jamoasi safida Butunjahon shaxmat Olimpiadasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi va Prezident sovg‘asi — Spark avtomobilini qabul qilib olgandi.

Qayd etish kerak, Abdusattorov Magnus Karlsenni mag‘lub etgan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylandi. 2018 yilda 16 yoshli Shamsiddin Vohidov Sankt-Peterburgda norvegiyalik shaxmatchidan ustun kelgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» mukofoti va Toshkentdan 2 xonali uy sovg‘a qilindi