14:39 / 16.01.2022
1 319

O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali 5 mlrd so‘mdan ortiq keshbek yig‘di

O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali 5 mlrd so‘mdan ortiq keshbek yig‘di
O‘zbekiston bo‘ylab 2022 yil 14 yanvar holatiga ko‘ra, 401 ming 604 ta xarid cheklari keshbek uchun «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, jami keshbek summasi 5 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Mobil ilovada 25 mingdan ortiq yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Shu bilan birga, cheklardagi ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish, QR-kodli cheklarni bermaslik, boshqa shaxslarning cheklari hisobiga keshbekka ega bo‘lish kabi iste’molchilar huquqlarini poymol qiluvchi, keshbek amaliyotiga salbiy ta’sir etuvchi holatlar kuzatilgan. Jumladan, savdo xodimlari tomonidan onlayn-NKM cheklarining nusxasini chop etgan holda xaridordan avvalroq ro‘yxatdan o‘tkazish holati ko‘p uchragan.

Shu bois iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida bir qator talablar o‘rnatilmoqda. Xususan, QR kodli chek birinchi marta «Soliq» mobil ilovasida skanerlanganda iste’molchi tomonidan kiritilgan telefon raqami bilan ma’lumotlar bazasida avtomatik ro‘yxatga olinadi. Qayta skanerlanganda qurilma ekranida chek qaysi raqam orqali ro‘yxatga olinganini ko‘rsatuvchi eslatma paydo bo‘ladi. Shuningdek, har bir fuqaro bir kunda bitta savdo nuqtasidan 5 tagacha chekni ro‘yxatga olish tartibi joriy etiladi. 6-chek ro‘yxatdan o‘tkazilganda qurilma ekranida kunlik limit tugagani to‘g‘risida eslatma paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning oktabr oyida prezidentning nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida xaridni amalga oshirgan hamda ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining QR kod yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga ularning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi respublika budjetidan qaytariladi.

8 yanvar O‘zbekiston bo‘ylab 10 mingdan ortiq iste’molchi tomonidan 100 mingga yaqin xarid cheklari keshbek uchun «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Fuqarolardan yig‘ilgan keshbek summasi 941 million so‘mni tashkil etgan — har bir iste’molchiga o‘rtacha 94 ming so‘m.

DSQ ma’lumotiga ko‘ra, endilikda chekda MXIK kodi to‘g‘ri ko‘rsatilgan barcha tovarlar (xizmatlar) uchun keshbek taqdim etiladi.
Rad etish to‘liq xarid summasiga (butun chek uchun) emas, balki faqat ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lmagan MXIK kodi ko‘rsatilgan mahsulot (tovar va xizmat)larga nisbatan qo‘llaniladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali 5 mlrd so‘mdan ortiq keshbek yig‘di