18:55 / 20.05.2022
2 125

Istanbulda «Mendirman Jaloliddin» serialining s’yomkasi boshlandi

Istanbulda «Mendirman Jaloliddin» serialining s’yomkasi boshlandi
Foto: Instagram / @alikhanofficial
Ayni kunlarda bir guruh o‘zbek aktyorlari «Mendirman Jaloliddin» serialining ikkinchi mavsumida suratga tushish uchun Turkiyaga jo‘nab ketdi. Lekin ular orasida Turkon xotunning kanizi — Oygul rolini ijro etgan aktrisa Saida Rametova va O‘tror hokimi Inolchixonning qizi — Shirin rolini ijro etgan Feruza Normatova ko‘rinmadi. Ular ikkinchi mavsumda suratga tushmaydimi? Ushbu savolga oydinlik kiritish maqsadida «Daryo» muxbiri serial ijodkorlari bilan bog‘landi.

Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Mendirman Jaloliddin» serialining ikkinchi mavsumida Mahliyoxon Asqaraliyeva, Jo‘rabek Arziyev, Javohir Xo‘jayev va qator turk aktyor, aktrisalaridan iborat yangi chehralarni ham ko‘rish mumkin. Javohir Xo‘jayev Sariq bola taxallusi bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Jahongir Xo‘jayevning ukasi hisoblanadi.

Mahliyo Asqaraliyeva
Foto: Instagram / @mahliyoaskaraliyeva

Saida Rametovaning aytishicha, uning roli serialning ikkinchi mavsumida ham davom etadi.

— Nasib qilsa, serialdagi rolim davom etadi. Hozircha jang sahnalarini suratga olamiz, sizni keyinroq chaqiramiz, deyishdi. Qachon chaqirishsa ham, tayyorman, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova.

Foto: Instagram / @mendirmantvdizi
Feruza Normatova intervyularidan birida hijobga kirgani tufayli serialda rol ijro etmaslikka qaror qilgani haqida so‘zlab bergan edi.

«Shahzod Sultonov bilan ijodiy hamkorlik qilamiz, shartnomalarimiz bor. Unga ro‘mol o‘rash fikrim borligini aytganimda qo‘llab-quvvatlagan. Men sentabrda, tug‘ilgan kunimda o‘ranmoqchi edim. Shahzod yaxshi qabul qildi. Shundan biroz vaqt o‘tib, ‘Mendirman Jaloliddin’ serialining ikkinchi fasli suratga olinishi ma’lum bo‘ldi. Meni chaqirishdi. Avgustda ketib, noyabrda qaytiladi, deyishdi. Men serialning davomida ham suratga tushishga rozi bo‘ldim. Bu haqda Shahzodga aytganimda, u ‘Ro‘mol o‘ramoqchi edingiz-ku, serialda suratga tushish hijobdan ham muhimroq ekan-da’, dedi. Shu so‘zlardan keyin o‘ylanib qoldim va serialning davomida suratga tushmaslikka qaror qildim. O‘rnimga boshqa aktrisa suratga tushsa, yanayam yaxshiroq bo‘lar, degan fikr paydo bo‘ldi», — degan aktrisa ushbu savolga javoban.

Foto: Instagram / @alikhanofficial
Ma’lumki, pandemiya sabab serialning suratga olish ishlari uzoq vaqt davom etdi va aktyorlar Turkiyada uzoq vaqt qolib ketishlariga to‘g‘ri kelgandi. Serial prodyuserlari tomonidan ikkinchi mavsumni suratga olish uchun ma’lum muddat belgilanganmi? Ushbu savolga ayni kunlarda Turkiyada bo‘lib turgan aktyor Javohir Zokirov javob berdi.

Foto: Instagram / @mendirmantvdizi
— Albatta, muhlat berilgan. Sentabr oyida ikkinchi mavsumning suratga olish ishlari yakunlanishi kerak, — deydi Chingizxon roli ijrochisi Javohir Zokirov.

Javohir Zokirov shuningdek serial prodyuserlari bilan gonorar masalasida ham kelishuvga erishganini aytib o‘tdi.

— Haqiqatan ham shunday bo‘lgandi. Muammo hal qilindi, hammasi yaxshi. Serialning ikkinchi mavsumi avvalgisidan zo‘rroq bo‘ladi. Hozirda serialning 14-qism ssenariysini o‘qib chiqdik. Unda tomoshabinni o‘ziga jalb qiladigan epizodlar juda ko‘p, — deydi aktyor Javohir Zokirov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ra’no Shodiyeva, Rayhon Ulasenova va Yulduz Rajabova ayni paytda Istanbulda s’yomka jarayonlariga tayyorlanmoqda. Feruza Normatova yaratgan obrazga esa boshqa aktrisa tanlanishi kutilmoqda.

Foto: Instagram / @mendirmantvdizi
«Serialning birinchi fasli 13 seriyadan iborat. Ikkinchi faslda yana 13 seriya suratga olinadi. Kelajakda umumiy jihatdan 52 qismdan iborat serial olish rejalashtirilgan», — degandi matbuot anjumanida «Jaloliddin Manguberdi» seriali bosh maslahatchisi Boboxon Muhammad Sharif.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyurtmasiga ko‘ra Turkiyaning «Bozdag‘ film» kompaniyasi tomonidan «Mendirman Jaloliddin» seriali suratga olingan. Serial uchun Turkiyada 30 gektar maydonda O‘zbekistonning XIII asrga oid muhiti jonlantirilgan. 1200 nafar ishchi-xizmatchining mehnati bilan 3500 kvadrat metr maydonda balandligi 5,5 metr bo‘lgan ikki qavatli Xorazmshoh saroyi qad ko‘targandi.

Foto: Instagram / @mendirmantvdizi
Serialning ilk mavsumida Javohir Zokirov — Chingizxon, Emre Kiviljim — Jaloliddin Manguberdi, Yulduz Rajabova — Qutlibeka, Gulenay Kalkan — Turkon Xotun, Kaan Yalchin — Sulton Alovuddin Muhammad, Sezgin Erdemir — Temur Malik, Saida Rametova — Turkon xotunning kanizi Oygul, Ra’no Shodiyeva — Xorazmshoh Alovuddin Muhammadning xotini Oychechak, Rayhon Ulasenova — Alovuddin Muhammadning xotini, O‘zloqshoh va Oqshohning onasi, Akbarxo‘ja Rasulov — O‘zloqshoh, Feruza Normatova — O‘tror hokimi Inolchixonning qizi, aktyorlar Jamshid Sagatov va Akmal Mirzo — mog‘ul sarkardalari, Alixan — Chingizxonning o‘g‘li Jo‘ji, Boyir Xolmirzayev — Najmiddin Kubro, Tohir Saidov — bosh vazir Nizomul mulk, Jahongir Abdumalikov — Jaloliddin Manguberdinging muhofizi rollarini ijro etishgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Istanbulda «Mendirman Jaloliddin» serialining s’yomkasi boshlandi