13:47 / 19.08.2022
5 650

O‘zbekistonning eng mashhur xonandalari poytaxt to‘ylaridagi «birrov»i qancha? (foto)

O‘zbekistonning eng mashhur xonandalari poytaxt to‘ylaridagi «birrov»i qancha? (foto)
Sentabr oyi nafaqat yangi o‘quv yilining boshlanishi, balki san’atkorlar tili bilan aytganda, to‘y mavsumining boshlanishi ham hisoblanadi. Ikki oylik tanaffusdan so‘ng katta saroylardagi konsertlarga ruxsat etiladi, havo haroratining pasayishi sabab odamlarning konsertga borish talablari ham oshadi. Bundan tashqari, pishiqchilik davrida to‘ylarning ham keti uzilmaydi. O‘g‘il-qizimni uylantiraman, deb to‘y boshlagan insonlarga kichik qo‘llanma bo‘lishi uchun trenddagi xonandalarning xizmat haqlari haqida ma’lumot berishga qaror qildik.

San’atkorlarning viloyat to‘ylaridagi xizmat haqlari masofaga qarab bir-biridan farq qiladi. Shu bois ularning poytaxtdagi «birrov»lari narxi haqida quyida ma’lumot olishingiz mumkin.

Yulduz Usmonova

Foto: Instagram / @nilufarusmonova
O‘zbek estradasining primadonnasi Yulduz Usmonova repertuarida «birrov» degan tushuncha yo‘q. U to‘yxonada kamida yarim, bo‘lmasa 40 daqiqa qo‘shiq kuylaydi. Bu taxminan 6-8 ta qo‘shiq degani. Faqat jonli ijroda kuylaydigan hofizaning xizmat haqqi 2000-2500 AQSH dollarini tashkil qiladi.

Farrux Zokirov

Foto: «Biographe.ru»
O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov poytaxt to‘ylarida faol bo‘lsa-da, asosan elegant davralarda ko‘rinish beradi. Uni ko‘pincha kelin-kuyovlarni kutib olish maqsadida taklif etishadi. Ijodkor xizmat haqqini 1500 AQSH dollariga baholaydi.

Nasiba Abdullayeva

Foto: Instagram / @nasibaabdullaevaofficial
O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayevaning poytaxtdagi «birrov» xizmatlari 1200 AQSH dollarini tashkil qiladi.

Ozoda Nursaidova

Foto: Instagram / @ozodaofficial
Xonanda Ozoda Nursaidova ham bor energiyasini to‘ylarga qaratadigan ijodkor emas. U ham kamdan kam to‘ylarda ko‘rinish beradi. Balki bunga xizmat haqqining yuqori ekanligi sababdir. Xonandaning poytaxtdagi «birrov»i 1000 AQSH dollaridan kam emas.

Munisa Rizayeva

Foto: Instagram /@munisarizaeva
Bir kunda 5-8 ta to‘y xizmatiga boradigan xonanda Munisa Rizayevaning gonorari ham yuqori. U to‘ylarda navbatchi xonanda sifatida umuman ishtirok etmaydi. Toshkentdagi «birrov»larga esa 1000 AQSH dollaridan kamiga bormaydi. Agar bir kunda beshta to‘y xizmatiga boradigan bo‘lsa, uning kunlik daromadi qancha ekanligini tasavvur qilavering.

Shohruxxon

Foto: Instagram
Keyingi paytlarda xonandaning xizmat haqqi ancha oshgan. Bir yil avval poytaxtdagi «birrov»larga 600 AQSH dollaridan borardi. Hozir esa xizmat haqqi 800 AQSH dollarini tashkil etmoqda.

Nilufar Usmonova

Foto: Instagram / @ nilufarusmonova
Nilufar Usmonova Toshkent va Samarqand to‘ylarida juda faol. Ketma-ket yaratilgan hit qo‘shiqlar sabab xonandaning xizmat haqqi ham avvalgidan ancha o‘sgan. Masalan, 2021 yilda uning poytaxtdagi «birrov»i 500, hozir esa 800 AQSH dollarini tashkil etmoqda. U odatda bir kunda ikkita, ko‘pi bilan to‘rtta to‘y xizmatiga boradi.

Imron

Foto: Instagram / @imronsinger
Xonanda Imron Toshkent to‘ylaridagi eng faol xonandalardan biri. Uning xizmat haqqi kutilmaganda keskin ko‘tarilgan. Ya’ni o‘tgan yili «birrov»ga 500 AQSH dollariga borgan bo‘lsa, hozir bu raqamlar 800 AQSH dollariga o‘zgargan.

Shohjahon Jo‘rayev

Foto: Instagram / @shohjahon_djurayev
Xonandaning poytaxtdagi «birrov»i 700 AQSH dollarini tashkil etadi. U «birrov» xizmatlarida 5 ta qo‘shiq ijro etadi.

Rayhon

Foto: Instagram / @rayhonganieva
Rayhon G‘aniyeva asosan «birrov»chi qo‘shiqchi hisoblanadi. Chunki u navbatchi xonanda sifatida to‘ylarda umuman ishtirok etmaydi. Uning bugungi kundagi xizmat haqqi 700 AQSH dollarini tashkil etadi.

Zohirshoh Jo‘rayev

Foto: Instagram / @zohirshohofficial
Ustazoda ijodkor Zohirshoh Jo‘rayevning poytaxtdagi «birrov» xizmati 600-700 AQSH dollarini tashkil etadi. U ham boshqa xonandalar singari «birrov» xizmatlarida 5-6 ta qo‘shiqni ijro etadi.

Ulug‘bek Rahmatullayev

Foto: Instagram / @ulugbekrahmatullaev
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayev ham o‘zbek to‘ylarida eng faol xonandalardan biri hisoblanadi. Uning poytaxtdagi xizmat haqqi 600-700 AQSH dollarini tashkil etadi.

Ziyoda

Foto: Instagram / @ziyodamusic
Xonandaning poytaxtdagi «birrov»lari 500-700 AQSH dollari. U bir kunda kamida 3-4 ta to‘y xizmatiga ulguradigan ijodkorlardan biri.

Mavluda Asalxo‘jayeva

Foto: Instagram / @mavludauz
Xonanda Mavluda Asalxo‘jayeva tengdosh hamkasblaridan farqli ravishda haligacha to‘ylarda faol. U kuniga kamida 3-4 ta xizmatga boradi va uning har bitta «birrov»i 500-600 AQSH dollarini tashkil etadi.

Yorqinxo‘ja Umarov

Foto: Instagram / @yorkinumarov
Xonanda Yorqinxo‘ja Umarov poytaxtdagi «birrov»larga 400 AQSH dollaridan kamiga bormaydi. Ammo uni navbatchi san’atkor bo‘lishini istaydigan insonlar ham ko‘p. U jamoasi bilan birga 1500 AQSH dollari evaziga ishtirok etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekistonning eng mashhur xonandalari poytaxt to‘ylaridagi «birrov»i qancha? (foto)