O‘zbek kinosining eng qimmat filmi premeraga tayyor. Filmning yaralishiga ishonishmagandi! (FOTO)

O‘zbek kinosida tub burulish yasashni maqsad qilgan rejissyor Akbar Bekturdiev o‘zbek kino tarixidagi eng qimmat filmni suratga oldi.

Bungacha Rustam Sa’dievning katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Baron» filmi 1,5 mlrd so‘mlik mablag‘ga suratga olingan edi. «Oyqiz ertagi» esa «Baron»dan 100 mlnga qimmat, ya’ni film byudjeti 1,6 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Shunday qilib, “O‘zbekkino” Milliy agentligi so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ilk bora tarixiy ertak janriga qo‘l urib, “Oyqiz ertagi” nomli filmni suratga olganligini e’lon qildi.

Yosh kinorejissyor Akbar Berturdievga ishonib topshirilgan mazkur kartina sanoqlik kunlarda katta ekranlarga chiqish arafasida.
Akbar Bekturdievning bu galgi filmi bilan uning nomi nafaqat tan olinganlar qatoriga qo‘yiladi balki tarixda ham qolishi mumkin.

“Ssenariyni yozib, badiiy kengashga topshirganimizda shu filmni “O‘zbekfilm”da yaratish mumkinmi, o‘zingni ko‘zing etyaptimi, yana bir o‘ylab ko‘rasanmi, degan savollar ham bo‘ldi. Oldimizda ikkita yo‘l bor edi yoki haqiqattan ham shu ishni juda ajoyib qilish kerak yoki umuman qilmaslik kerak. O‘sha vaqtda ya’ni ssenariyni topshirgan vaqtimizda o‘zimizga ishonchimiz baland bo‘lgani uchun fikrimizdan qaytmadik”, – deydi film rejissyori Akbar Bekturdiev.
Haqli savol tug‘iladi nima uchun filmga shuncha mablag‘ sarflandi. Bunga esa rejissyorning javobi quyidagicha bo‘ldi:

“Maishiy hayotimiz haqida film suratga olsak ham bir aktyorning libosi uchun ancha mablag‘ sarflanadi. Bu filmda esa yuzlab aktyorlar uchun maxsus tarixiy liboslar tayyorlandi. Bu kiyimlar ularning obrazi, xarakteri, tipajidan kelib chiqilib yaratildi, hattoki qurolining sopigacha o‘ylandi. Bu uchun juda katta mablag‘, vaqt kerak bo‘ldi. Film tayyorgarlik jarayoni, dekorasiyalar qurish, filmdagi maxsus efektlar va montaj jarayoni ham yaxshigina vaqt va mablag‘ni talab qildi. Bundan tashqari ushbu filmni eng so‘nggi texnikalar bilan yuqori darajada ishlashga erishdik. Filmni 4K formatda suratga oldik, Dolby Surround 5.1. formatiga moslab ovozlashtirdik, juda ko‘p sahnalarda maxsus effektlardan foydalandik.Film fentezi janrida bo‘lib,unda sevgi-muhabbat, yovuzlik va adolat kabi mavzular ochib berilgan.”

Filmdagi voqealar Sarang malikasi Oyqiz tomonidan hikoya qilinadi. Rejissyor ushbu filmga dastavval “Cho‘l malikasi” deya nom qo‘yishni o‘ylaydi, ammo keyinchalik uning fikri “Oyqiz ertagi”da to‘xtaydi.
Filmda aktyorlar Yigitali Mamajonov, Yulduz Rajabova, Alixan, Ma’ruf Otajonov, Dilbar Ikromova, Hayrulla Sa’diev, Feruza Sobitova va boshqalar ishtirok qilgan.

Film 3 yil mobaynida 1000 ga yaqin insonlar mehnati bilan yaratilgan.
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing