01:21 / 19.02.2023
930

Yulduz Usmonovaning nazariga tushgan Malik uysiz yashagani, pulsizlikdan sevimli qo‘shig‘ini sotgani haqida gapirdi

Yulduz Usmonovaning nazariga tushgan Malik uysiz yashagani, pulsizlikdan sevimli qo‘shig‘ini sotgani haqida gapirdi
Foto: Instagram
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan duet kuylash yosh o‘zbek xonandalarining orzusi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Malik ismli xonanda o‘zbek san’ati primadonnasi bilan bir nechta duetlarni kuyladi va shu orqali muxlislar nazariga tushdi. “Daryo” internet nashrining YouTube'dagi kanalida yosh xonanda bilan suhbat tashkil etildi.

Malik 10 yil avval xonanda bo‘lish umidida Toshkentga kelgani va homiy bo‘lmagani uchun boshqa san’atkorlarga qo‘shiq yozish bilan tirikchilik qilgani haqida so‘zlab berdi.

Toshkentga xonanda bo‘lish niyatida kelganman. Hayot majburiyatlari sabab qo‘shiq yozib, boshqa ijodkorlarga sotganman. Millioner insonning farzandi emasman, oilamiz kamtarona hayot kechirardi. Qishloqda chorva mollarini boqib, tirikchilik qilardik. Homiy topilmagandan keyin o‘zim uchun yozgan qo‘shiqlarni sotib, tirikchilik qilishga majbur bo‘lganman.

Shu kungacha juda ko‘p mashhur xonandalar bilan hamkorlik qilganman. Ammo ularning hammasi ham nomimni aytib o‘tishni ep ko‘rmagan. Balki bu ijodkorlarning qizg‘onishi bilan bog‘liqdir. Eng alam qilgani — yozgan qo‘shig‘imni aytib, to‘ylarni “gullatib” yurgan paytida ham ko‘rishib qolsak, o‘zini ko‘rmaganga olib o‘tib ketadiganlar ham bo‘lgan
, — deydi Malik.

Xonanda va bastakor Malik o‘zi uchun yaratgan qo‘shig‘ini majburlikdan Imronga bergani, 100 AQSH dollari uchun talashib-tortishadigan xonandalar ko‘pligi haqida gapirib o‘tdi.

Imron ijro etgan “Seni hech kimga bermay sevaman” qo‘shig‘ini o‘zim uchun yozgandim. Chunki bu qo‘shiq o‘z muhabbatimga atalgan edi. She’rini ham o‘zim yozganman. Ammo pul kerakligi uchun uni Imronga sotishga majbur bo‘lganman. Agar imkonim bo‘lganda, bu qo‘shiqni o‘zim ijro etgan bo‘lardim. Ammo rozi bo‘lib berganman, shuning uchun ham qo‘shiq juda omadli chiqdi.

Manzura, Mavluda Asalxo‘jayeva, Jasur Umirov, G‘aybulla Tursunov, Xadicha kabi ko‘plab san’atkorlar bilan hamkorlik qilganman. Bastakor va shoirni qadrlaydiganlar juda ham ko‘p. Ammo yaratilgan bitta qo‘shiq ustida 100 AQSH dollari uchun talashib, klipida kamida 400-500 dollarlik kostyum-shim oladiganlar ham yo‘q emas. Agar qo‘shiq muvaffaqiyatli chiqmasa, eng zo‘r klip ham uni mashhur qilib berolmaydi. Shuning uchun, avvalo, shoir va bastakorni rozi qilish kerak, deb o‘ylayman.

Shu kungacha qo‘shiq uchun eng katta gonorarni Yulduz Usmonovadan olganman. “Sevgi” qo‘shig‘ini sotib olishganda, xonandaning turmush o‘rtog‘i Mansur Agaliyev qo‘limga pulni berib, “Rozimisan?” deb so‘ragandi. Bu men 10 yil ichida sotgan eng qimmat qo‘shig‘im bo‘ldi
, — deydi xonanda Malik.

Bir necha yil bastakor Shohjahon Ergashev sifatida ijod qilib, nega Malik taxallusini tanlaganiga izoh berdi.

Rostini aytsam, bu haqida gapirgim kelmaydi. Chunki bu ism yaxshi ma’no anglatmasligini bilganimdan keyin o‘zgartirishga qaror qilganman. Malik ismini tanlaganimni eshitib, Yulduz Usmonova ham xursand bo‘ldi. Bu hozirda shunchaki taxallusim emas, asl ismimdir, — deydi xonanda Malik.

Xonanda poytaxtga kelganida moliyaviy qiyinchiliklarga uchragani, bir necha oy uysiz, studiyada yashashga majbur bo‘lgani haqida ham aytib o‘tdi.

Toshkentga kelganimda bu qishlog‘imiz emasligini va o‘zimizga tanish odamlar yo‘qligini anglaganman. Ya’ni Navoiyda biror mahalladoshga “Falonchi aka, sizning uyingizda yotib qolay”, desangiz, hech kim yo‘q demaydi.

Ijara bilan bog‘liq muammolarga juda ko‘p uchraganman. Hatto ijara pulini to‘lolmaganim uchun 7-8 oylab o‘zim ishlaydigan kichik studiyada yashashimga ham to‘g‘ri kelgan. Albatta, studiya uy emas, yashash uchun u yerda hech qanday sharoit yo‘q. Yigitlar bilan kelishib, kichikroq uyni ijaraga olganmiz. Pulni vaqtida berolmaganimiz uchun uy egasi ikki oydan keyin haydab yuborgan. Mashinam bor edi. Hatto undan uy, garderob sifatida foydalangan kunlarim ham ko‘p bo‘lgan. Eng qizig‘i, juda ko‘p xit qo‘shiqlar ana shunday qiyin sharoitda yaratilgan
, — deydi xonanda Malik.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Usmonovaning nazariga tushgan Malik uysiz yashagani, pulsizlikdan sevimli qo‘shig‘ini sotgani haqida gapirdi