“VIA Marokand” prodyuseri Javlon Shodmonov va xonanda Rashid Asal Zokirova guruhni tark etgani, bu holatga nima sabab boʻlgani va guruhning keyingi faoliyati haqida gapirib berdi.
“Premeraga bir kun qolganda qoʻngʻiroq boʻldi va Asal guruhdan ketishini aytdi — hammamiz shokka tushib qoldik”
“Rashidning oldidagi partnyori Asal. Javlon Shodmonovning bu guruhga nima aloqasi bor, deb oʻylashlari mumkin. “VIA Marokand” guruhini men oʻylab topganman. Jasur Shodmonov bilan birga pul tikib, shu guruhni 2015 yilda kasting asosida yaratganmiz. Rashid — jiyanim, Asalni kasting orqali topganmiz. Bu guruh farzandimdek boʻlib qolgandi. Noldan olib chiqqanman, hozir qizimni turmushga berib yuborgandek boʻlib turibman.
Yaqinda yangi qoʻshiqqa klip suratga oldik. Bu holat fevral oyining oxirlarida boʻldi. Qoʻshiq yozdik, unga klip suratga olishni rejalashtirdik va 8 martda taqdim etish niyatimiz bor edi. Yaxshilikka boʻldi. Bu ish choʻzilib men Qirgʻizistonga safarga ketib qoldim. U erdan kelganimdan keyin klipning stsenariysi yoqmadi va bu ish choʻzildi.
Qoʻshiq yozilgandi, 7 mart kuni klip suratga oldik. Asalda ham, Rashidda ham kayfiyat zoʻr edi. Uxlamasdan klip montajini bir kunda bitirdim, chunki tezroq chiqarishimiz kerak edi. Klip hammaga yoqdi: radioga, televideniega premera sanasini berdik. Premeraga bir kun qolganda qoʻngʻiroq boʻldi va Asal guruhdan ketishini aytdi, hammamiz shokka tushib qoldik”, — deydi Javlon Shodmonov.
“Asal guruhdan ketyapti, deyishganda ham umidim bor edi”
“Asalga hech narsa qilmadi, biroq toʻsatdan bir soatda hammasi hal boʻlib ketdi. Javlon akam menga qoʻngʻiroq qildi. Asal bilan bunday holatlar oldin ham boʻlgan, biroq uchinchisida haqiqatan ham ketdi. “Asal, toʻxtang, partnyorimsiz, hali qiladigan ishlarimiz bor”, deb aytdim. Javlon akam ham tushuntirdi. Hattoki uchinchisida Javlon akam qoʻngʻiroq qilib, Asal guruhdan ketyapti, deyishganda ham umidim bor edi.
Agar unda pul bilan bogʻliq muammo boʻlganida men bilardim, chunki ikkalamiz ham bir xil pul olamiz. Shu vaqtga qadar bizda pul bilan bogʻliq muammo boʻlmagan. Mashina ham, uy ham oldik. Asal ham kam boʻlmadi — ikkita uy, mashina oldi. Unda umuman pul bilan bogʻliq muammo boʻlmadi. Bari bir ayol kishining dardini tushunmas ekansiz. U bilan gaplashganimda boʻldi, endi u qaytmaydi degan narsa boʻldi. Teng yarmimni qirqib tashlagandek boʻlishdi.
“VIA Marokand” guruhlar ichida rekord qoʻygan. Men bunday guruhni koʻrmaganman. Juda katta mehnat ketgan. Asal bilan qadrdon boʻlib, shu guruhni koʻtardik. Asal ketdi, agar men ham ketsam nomardlik boʻladi. Asalga men guruhni davom ettiraman, deb aytdim”, — deydi guruh a'zosi Rashid.
“Asal Instagram’dagi 1 million 400 ming obunachisi bor sahifasini ham Rashidga qoldirib ketdi”
“Guruhga 8 yil mehnatim ketdi. Asal guruhdan urishib ketgani yoʻq, u shaxsiy hayotini qurish maqsadida guruhni tark etdi. Men undan umuman xafa emasman, har bir inson baxtli boʻlishga haqli. U san'atni tark etdi, karerasini toʻxtatdi. Bitta narsaga qoyil qoldim, u Instagram’dagi 1 million 400 ming obunachisi bor sahifasini ham Rashidga qoldirib ketdi. Ular juda koʻp pul topishadi, bulardan kechib ketish esa mardlik. Biz bu loyihani toʻxtatmoqchi emasmiz. Asal ketishini aytganidan keyin hech qaerga kasting bermadik. Guruhimiz bilan bu ishni davom ettirish niyatiga keldik.
Bu holat oʻtgan yili ham boʻlgan, biroq Rashid koʻndirganidan keyin Asal qolgan. Guruh ochilganiga 8 yil boʻlgan boʻlsa, Asal bilan birinchi 3 yil uchun kontrakt tuzganmiz. Uch yil tugagandan 5 yilga tuzganmiz, bu kontrakt ham tugagandi, biz yana davom ettirayotgandik”, — deydi Javlon Shodmonov.
“Loyihani davom ettiramiz, deb qiz qidirdik”
“Asal menga telefon qilib, Instagram’imni sizga qoldirsam maylimi, deb aytdi. Keyin nimaga u erda muxlislaringiz bor, umuman yoʻq boʻlib ketmoqchimisiz, deb soʻradim. U esa menga Instagram’ning umuman qizigʻi yoʻq, bu yogʻiga shaxsiy hayotimda Instagram rol oʻynamaydi deb aytdi. Oxirgi marta koʻrishdik, yigʻladi — guruhdan ketishni xohlamayotganini sezdim. Lekin bu shaxsiy hayotni qurishdagi eng toʻgʻri qaror. Birinchi uch kun shok holatida boʻldik. Loyihani davom ettiramiz deb qiz qidirdik.
Hali ham turmushga chiqmagan san'atkorlar bor, men ham shunaqa boʻlib qolishdan qoʻrqaman, menga oila kerak deb aytganida qoyil qoldim. Qayt deyishimga imkoniyat qoldirmadi. Asal mendan ancha kichkina, bir-birimizni hurmat qilib, uzilib ketmasin deb, uni sizlaganman. Shuning uchun ham men aytsam yoʻq deya olmasdi, lekin oʻrtamizda bir-birimizga yordam berish saqlanib qoldi.
Juda katta orzularimiz bor edi, klipimiz aylangan vaqtda hayajon boʻlardi. Hammasi kechagidek esimda. Asal bilan har kun birga edik. U paytda Spark’im bor edi, Asalni olib-borib kelardim. Biz shunaqa darajaga keldik, “Xalqlar doʻstligi” san'at saroyida kontsert ham berdik. Oʻshanda ham katta hayajon bilan bir-birimizni qoʻllab-quvvatlardik.
Asal bilan urishib ketgan vaqtlarimiz ham boʻlgan, bir-birimizni juda koʻp koʻrar edik. Asal bilan tez urishsak ham bir-birimizni tez tushunib oladigan darajada boʻlib qolgan edik. Asalga baxt tilayman, biz bundan bu yogʻiga kuchli harakat qilamiz. Juda katta yangilik qilib muxlislarni hayratda qoldiramiz. Qiz ham tayyor”, — deydi guruh xonandasi Rashid.
“‘VIA Marokand’ guruhi davom etadi”
“Asal ketaman deganidan keyin 10 kun butun respublika boʻylab qiz qidirdim. Juda koʻp qizlarni koʻrdik, hamma joydan Asalni qidirdik. Hozir sir boʻlib qoladi, yaqinda oʻsha qizni ommaga koʻrsatamiz. Toʻgʻri, u qiz Asal boʻla olmaydi, lekin guruhdagi yangi qizni Asalni qanday qabul qilishgan boʻlsa, shunday qabul qilishlarini soʻrardim. “VIA Marokand” guruhi davom etadi”, — deydi Javlon Shodmonov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!