Oʻzbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova 6 maydan 8 mayga qadar poytaxtdagi Xalqaro forumlar saroyida “Kel, ey afzunginam” nomli kontsert dasturini muxlislariga taqdim etadi. “Daryo” muxbirlari kontsert dasturidan reportaj tayyorladi.
Xonanda oʻz kontsert dasturini boshqa hamkasblaridan farqli ravishda “Xalqlar doʻstligi” san'at saroyida emas, Xalqaro forumlar saroyida oʻtkazishni ma'qul koʻrdi. Kontsert dasturi uchta blokdan iborat. Gulsanam Mamazoitova jonli ijrodagi kontsert dasturi davomida ijodidagi xit darajasiga chiqib, muxlislar qalbidan joy olgan taronalarni ijro etdi.
Kontsert dasturida xonandaning akasi Otabek Muhammadzohid ham ishtirok etib, oʻz ijodidagi taronalarni kuyladi.

“Singlim bilan duet kuylash rejada yoʻq edi, chunki bu Gulsanamning yakkaxon kontsert dasturi. Keyin singlim ham, rejissyor ham shu erdasiz, chiqmasangiz boʻlmaydi, dedilar. Shu kungacha kontsert dasturlarida yordam berib kelardim. Gulsanamni yillar tarbiyaladi, tajriba bor. Dastur chiroyli, tekshirish chogʻida koʻnglim toʻldi”, — deydi Otabek Muhammadzohid.

Gulsanam Mamazoitovaning kontsert dasturiga qiziqchi, instabloger Elmurod Haqnazarov boshlovchilik qildi va oʻzining hazillari bilan kelgan muxlislarga kulgi ulashdi.

“Gulsanam opa menga begona emas, oʻzaro suhbatda ularga ustoz deb murojaat qilaman. Uylariga ham bemalol kirib boraman, meni ham ukasidek qabul qilgan. Yoshligimdan ularga muxlis boʻlganman. Bitta narsani bilaman — men yaxshi koʻrgan ayol xonandalarning ichida eng zoʻri. Kontsertga oʻzlari taklif qildi, ularning Fargʻonadagi kontsertiga boshlovchilik qilgandim. Shundan keyin kelib, Toshkentdagi kontsertimga ham boshlovchilik qilasiz, dedilar. Yana bitta orzum bor, Otabek Muhammadzohidning Toshkentdagi kontsert dasturiga boshlovchilik qilish”, — deydi Elmurod Haqnazarov.

“Bu hurmatlariga oʻz-oʻzicha erishilmagan. Bunga ustozimning mehnatkashligi, halolligi, toʻgʻrisoʻzligi, ijodga, hayotga boʻlgan, oʻzbek ayolining zimmasiga olinishi kerak boʻlgan mas'uliyati sabab boʻlgan. Koʻrib havas qilyapman, ustozim bilan faxrlanaman. Ustozimga loyiq boʻlishga, ularning yuzini erga qaratmaslikka harakat qilaman”, — deydi Gulsanam Mamazoitovaning shogirdi, xonanda Malika Egamberdieva.
.jpg)
“Har doim ‘Xalqlar doʻstligi’ san'at saroyida kontsert berganman, lekin xalqimiz faqat siyosiy tadbirlarda shunday chiroyli saroyni koʻrishlarini istamadim. Kontsertim bahona mana shunday goʻzallikni koʻrishlarini, me'morlarning ishidan bahramand boʻlishlarini istadim. Asosiysi, bu erda jonli ijroda kuylash uchun imkoniyatlar koʻp. Shuning uchun men shu erni tanladim.
Instagram'imni yurgizadigan inson olmaganman, qanaqa savollar boʻlsa, oʻzim javob beraman, sababi xalqni aldashni yomon koʻraman. Vaqtim boʻlganda albatta ijtimoiy tarmoqlarga rasmimni, yangiliklarni joylayman.

San'at olamida doʻstim koʻp, kontsert dasturimda ham hammasi kelib, olqishlab turdi. Toʻqson foiz san'at ahli bilan yaqinman, ilohim, yaqinligimizga koʻz tegmasin.
Dizaynerim Akbarshoh, u bilan ancha yillardan buyon birga ishlaymiz. Asosan liboslarimga oʻzim e'tibor beraman, uning maslahatlarini ham inobatga olaman. Maslahatlashib, chiroyli, qulay liboslarni yaratamiz.

Hamma hamkasblarimning ijodini kuzatib boraman. Kontsert dasturimdagi repertuarni tuzishda akamdan, onamdan maslahat olaman, ikkalamizning ham ustozimiz onam”, — deydi xonanda.