21:00 / 16.05.2023
813

Ortiqcha vazndan qutulib, boshqa insonga aylangan o‘zbek san’ati vakillari (foto)

Ortiqcha vazndan qutulib, boshqa insonga aylangan o‘zbek san’ati vakillari (foto)

Ortiqcha vazn nafaqat inson salomatligiga zararli, balki katta ko‘rinishga ham sabab bo‘ladi. O‘zbek san’ati vakillari orasida ham ortiqcha vazndan aziyat chekkan va bu holat ijodiga ham salbiy ta’sir etganlar bisyor edi. Shu bois ular ortiqcha vazndan qutulishga jiddiy kirishdi.

Muyassar Berdiqulova

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muyassar Berdiqulova bir necha yildan buyon ortiqcha vazn bilan kurashardi. Bir necha yillik qat’iy diyeta sabab 25 kg vazn ham tashlagandi. Ammo natijani ushlab qolish oson kechmadi. Shu bois aktrisa oshqozon kichraytirish amaliyotini boshdan kechirdi. Vazni 85 kg bo‘lganida jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, 30 kilogrammdan ko‘proq vazn tashladi.

Foto: “Daryo”

— Qornim ochganda me’yorida ovqatlanaman. Shirinliklardan, xamirli ovqatlardan voz kechganman. Ba’zida shirinlik yegim kelsa, yeyman, lekin oldingidek mukkasidan ketib iste’mol qilmayman. Oldin va hozirgi holatning farqi bor. Ozgina, 2-3 qoshiq ovqatdan so‘ng qornim to‘yib qoladi, — deydi aktrisa.
Tez vazn yo‘qotish aktrisada teri osilishiga ham sabab bo‘lgan. Shu bois u yana plastik jarrohlarga murojaat qildi. Instagram kuzatuvchilari “Ozg‘inlik yoshingizga yarashmabdi, avvalgi qiyofangiz yaxshiroq edi”, deyishsa ham, u amaliyotdan mamnun.

Zuhra Soliyeva

Shu kungacha tomoshabinlar Zuhra Soliyevani xipchabel qiyofada ko‘rmagan edi. Chunki aktrisa debyut rolini ijro etgan paytda ham do‘mboq edi. U mashhurlikka erishishida tashqi ko‘rinishi va kulishi ham ahamiyat kasb etgan. 

Foto: “Daryo”

— Avval 110 kilogramm edim, hozir teng barobar ozganman. Ortiqcha vazn sabab sog‘lig‘im yomonlashardi. O‘zi ovqatga ruju qo‘ygan odam emasman, oldin ham kam ovqat yerdim, ko‘p insonlar shishib ketganimga kamroq ovqat yeyishim kerakligini va keyin ozishim mumkinligini aytdi. Menga bu gap yoqmas edi, chunki ko‘p ovqat yeydigan odam emasman. Operatsiyadan so‘ng sog‘lig‘im ancha yaxshilandi. Eng muhimi, go‘zal ekanligimni avvaldan ham ko‘proq his qilaypman. Ammo rejissorlar avvalgidek shaddod, komik rollarni berishga biroz cho‘chishyapti. Chunki bugungi ko‘rinishimga ko‘proq nazokatli ayollar rollari mos, — deydi Zuhra Soliyeva.

O‘tkir Meliyev

O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori O‘tkir Meliyev ham ozish uchun so‘nggi chorani qo‘llashga majbur bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, u “Sardor” serialidagi debyut rolini ijro etganida ham ozg‘in emasdi. Ammo so‘nggi yillarda u katta vazn to‘pladi, bu harakatlanishiga ham xalal berdi. 

Foto: “Daryo”

— 60 kiloga ozdim. Ammo bu kutilgan natija emas, yana vazn tashlashim kerak. Nahorgi oshlarga borganda ham 4-5 qoshiq osh yeb, to‘yib qolyapman. Vazn tashlash ko‘p jihatdan nafsni jilovlashga bog‘liq ekan. Afsuski, ba’zan buni uddalay olmay qolamiz, — deydi aktyor.

Shahnoza Otaboyeva

“Nihol” nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shahnoza Otaboyeva ona bo‘lgach, ortiqcha vazn bilan kurashishni boshladi. Hatto u katta vazn sabab 5 yil klip suratga ololmagani va sahnaga chiqishni istamagani haqida so‘zlab berdi.

Foto: “Daryo”

— Ayol kishi farzand ko‘rgandan keyin baribir semiradi. Ayniqsa, Covid-19 dan keyin ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, yashash uchun kurashdik. Yaqinda Ozarbayjondan kelgan shifokorga bordim va jarrohlik yo‘li bilan ozish uchun operatsiya qildirdim. Shifokorga borganimda vaznim 113 kg edi. Hozir esa ozib, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman, chunki 5 yil sahnadan qochib yurgandim. Vaznim sababli klip ololmadim, sahnaga chiqolmadim. Ozish uchun hamma narsa qildim, foydasi bo‘lmadi”, — deydi xonanda.

Feruza Jumaniyozova

Xonanda Feruza Jumaniyozova ham ortiqcha vazndan qutulish uchun har qanday chorani qo‘llab ko‘rgan. Uning aytishicha, undagi vazn ortishiga gormonal o‘zgarishlar va stresslar sabab bo‘lgan.

Foto: “Daryo”

— 2007-yili “zapret”ga tushganim ham semirishimga sabab bo‘ldi. Stress miyaga o‘rnashib qolganidan keyin undan qutulish qiyin bo‘larkan. Ortiqcha vazn bilan o‘zimni noqulay his qilardim. Xalq ichiga kirishga ham hayiqib qolgandim. Chunki muxlislar tashqi ko‘rinishning o‘zgargani va nega sahnaga chiqmayotganimning sababini bilishni istashardi. Oxiri oshqozon kichraytirish amaliyotini boshdan o‘tkazishga qaror qildim. 3-4 oydayoq natijalar sezildi. Hozirgi ko‘rinishimdan xursandman, — deydi xonanda.

Muborak Abdullayeva

Instagram foydalanuvchilariga yaxshi tanish bo‘lgan vayner va aktrisa Muborak Abdullayeva ham yaqindagina oshqozon kichraytirish amaliyotini boshdan kechirdi. 

Foto: Instagram / @muborakabdullayevaa

— Vaznim 130 kg edi. Katta vazn egalarining narkozdan keyin o‘ziga kelishi qiyin kechar ekan. Men nafaqat ortiqcha vazndan, balki qandli diabet xastaligidan ham aziyat chekardim. Shu bois oshqozon kichraytirish amaliyotiga rozi bo‘ldim, — deydi Muborak Abdullayeva.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ortiqcha vazndan qutulib, boshqa insonga aylangan o‘zbek san’ati vakillari (foto)