18:38 / 21.07.2023
2 601

“Tan olinmagan farzandman”: Botir Qodirov 15 ta farzandi borligi va unga Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini aytishni taqiqlashgani haqida

“Tan olinmagan farzandman”: Botir Qodirov 15 ta farzandi borligi va unga Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini aytishni taqiqlashgani haqida

Foto: Instagram / @botirqodirovofficial

Xonanda Botir Qodirov YouTube’dagi “Chotki TV” kanaliga bergan intervyusida otasi tomonidan tan olinmagani va farzandlarining soni haqidagi savollarga javob berdi.

— O‘z vaqtida tan olinmagan farzandman. O‘sha paytda katta oila qilishni va ularni adolat bilan boshqarishni niyat qilganman. Hozirgi kunda 15 nafar farzandim bor va ularning har biridan faxrlanaman. To‘g‘ri, ular bitta onadan emas, ammo ularning hammasini tan olaman. Farzandlarimning bari bir-birini tanishadi va do‘stona munosabatda bo‘lishadi. Boshqa oilamdan bo‘lgan farzandlarim birinchi oilamga kelib, bemalol o‘ynashadi. Farzandlarim uchun albatta vaqt ajrataman. Ularning barini yig‘ib, istirohat bog‘iga yoki ovqatlanishga olib boraman. Uzun stol buyurtirib, miriqib ovqatlanamiz.

Jigarlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati iliq ekanligidan xursandman. O‘ylashimcha, hammasi erkak kishining o‘ziga bog‘liq. Inson farzand ko‘rdimi, uni tan olishi kerak. Aksincha ish tutish esa, nomardning ishi hisoblanadi. Xotindan qo‘rqib ish tutish erkak kishiga xos bo‘lgan ish emas. Chiroyli yoki mansabdor ayolining ketib qolishidan qo‘rqib, boshqa oilasidan bo‘lgan farzandini tan olmaslik yoki uni yashirish erkak kishiga xos ish emas. Tug‘dirgandan keyin bolani tan olib, voyaga yetguniga qadar unga mehr berish, ulg‘aytirish otalik burchi deb bilaman.

Rosti, farzandidan voz kechadigan yoki bitta ayol bilan munosabatlarini uzib, boshqa oila qurganidan keyin farzandlarini ham unutib qo‘yadigan erkaklarning ishini tushunmayman. To‘g‘ri, xotin ko‘chada millionta bo‘lishi kerak. Bittasiga uylansangiz, u ayolingiz bo‘lib ketaveradi. Ammo farzand erkakning bir bo‘lagi, uning vujudidan yaralgan inson. Buning savol-javobi juda og‘ir bo‘ladi, siz farzandingizdan voz kechdingizmi, kun kelib sizdan ham voz kechishadi. Bu qaytar dunyo, — deydi Botir Qodirov.

Boshlovchi xonandadan otasi haqida ochiqcha gapirishini so‘raganida, Botir Qodirov quyidagicha javob berdi.

Foto: Instagram / @botirqodirovofficial

— Bu savolga javobni qiyomatga qoldirganman. Sizga bir qiziq rivoyatni aytib beraman. Bir oilada o‘g‘il farzand dunyoga kelibdi. U ota-onasi bilan baxtli yashabdi. Ammo bola 5 yoshga to‘lganida ota-onasi ayrim sabablarga ko‘ra ajrashibdi. Ammo ota farzandidan xabar olar, bola ham ota tomon qarindoshlari bilan bordi-keldi qilar ekan. Bobo-buvisining uyiga borar, ular orasidagi munosabat nihoyatda iliq ekan. Bola 20 yoshga to‘lganida bir quchoq orzu-umidlar bilan otasi yashaydigan shaharga keladi va undan yordam so‘raydi.

“Seni o‘qitaman” degan ota gapining ustidan chiqmaydi. Bir kuni bolaning oldiga otasining tan soqchisi kelib, uni xo‘jayinining oldiga olib boradi. Ota bolasiga juda qiyin shart qo‘yadi, ya’ni u bergan familiyadan voz kechishini so‘raydi. Chunki u paytda bola o‘z kuchi bilan tanilib kelayotgan bir payt edi. Bola onasining oldiga borib, bo‘lgan voqealarni aytib beradi. Oxiri otasining emas, onasining familiyasi bilan maqsadlarini amalga oshirishga qaror qiladi.

Ammo bu oson kechmaydi. 20 yoshiga qadar falonchining o‘g‘li bo‘lgan inson birdan familiyasini o‘zgartirsa, odamlar har xil qabul qilishadi. Mish-mishlar, ortiqcha gap-so‘zlar... Allohning inoyati bilan bola o‘z kuchi bilan maqsadlarini amalga oshiradi, hatto otasining familiyasisiz ham mashhurlikka erishadi. Va u otasining xatti-harakatlarining javobini qiyomatga qoldiradi. 
Ba’zi odamlar “Botir ochig‘ini aytmaydi, qo‘rqadi”, deb o‘ylashlari mumkin. Ammo men hech narsadan qo‘rqmayman, agar istashsa, gen ekspertiza qildirishga ham tayyorman, — deydi xonanda Botir Qodirov.

Xonanda betob bo‘lganida onasini tushida ko‘rgani haqida so‘zlab berdi.

— Yaqinda burnimni operatsiya qildirdim. Aslida unaqa og‘ir amaliyot emas. Ammo o‘sha kuni onam tushimga kirdi. Ruhlar olami bor, onam mendan xavotir olganini sezdim, — deydi xonanda Botir Qodirov.

Botir Qodirovga Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini kuylashni taqiqlashgani va bu huquq faqat Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevga berilgani haqida aytib o‘tdi.

— To‘y xizmatlarining birida Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini ijro etganim bilan bog‘liq videoni Instagram tarmog‘iga joylagandim. Uyimga ogohlantirish xati keldi. “Bu qo‘shiqni kuylashingiz mumkin emas, bu huquq faqat Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlarga berilgan”, degan mazmundagi ogohlantirish xati ekan. Achchig‘im chiqdi va o‘sha kuni ularning prodyuseriga qo‘ng‘iroq qildim. U aka bilan ilgari birga ishlaganimiz uchun meni “Meni Shohjahon yoki Zohirshoh bilan uchrashtiring, men hech qanday yomon ish qilganim yo‘q-ku, ularga nima yoqmabdi”, dedim. Ammo u meni uchrashtirgani yo‘q.

Aslida, mening mualliflik qo‘shiqlarim ko‘p, to‘ylarga falonchining emas, aynan o‘zimning qo‘shiqlarimni aytishim uchun taklif qilishadi. Ammo qo‘shiq yashashi uchun uni qayta-qayta ijro etishsa, yaxshi-ku. Buning qanday yomon tomoni bor? Bu dunyodan hech bir inson zig‘ircha narsani ham o‘zi bilan olib ketolmagan. Qo‘shiq uchun talashish qanchalik to‘g‘ri ekan?! Shaxsan men qo‘shiqlarimni ijro etishlariga qarshi emasman, qaytanga boshqalar ham ijro etishsa, ularning umri uzayib boraveradi, — deydi Botir Qodirov.



Botir Qodirov, Sherali Jo‘rayev, Tan olinmagan farzand

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Tan olinmagan farzandman”: Botir Qodirov 15 ta farzandi borligi va unga Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini aytishni taqiqlashgani haqida