Foto: Instagram / @manzura_singer
Xonanda Manzura YouTube'dagi “Chotki TV” kanaliga bergan intervyusida turmushga chiqish borasidagi savollardan charchagani va qanday toifa erkaklar bilan yasholmasligi haqida aytib o‘tdi.
— Ko‘p tillarni biladigan, dinimizni qattiq emas, yumshoq qabul qiladigan, ayollarga mehribon erkaklarni hurmat qilaman. Ayollarga zulm qilib, faqat uyda o‘tirasan, deyish yaramaydi. Ayol kishi ham emotsional inson, uning ruhiyatini sindirib qo‘yish oson. Turmush o‘rtog‘im o‘zimga o‘xshagan rus tabiatli inson bo‘lsa-da, musulmon bo‘lsa va qiziqishlarimni hurmat qilsa, deb niyat qilaman. Faqat mol-dunyo va kerakmas qadriyatlar bilan yashaydigan insonlarni unchalik tushunmayman. Masalan, Ilon Mask milliarder inson bo‘lsa-da, oddiy kvartirani ijaraga olib yashaydi.
Ammo uning maqsadlari juda ulkan. U Mars sayyorasiga borib, o‘sha yerda yashashni orzu qiladi. U ba’zi odamlarga o‘xshab, umrini dang‘illama uy-joy qurishga sarflayotgani yo‘q. U yaratgan qanchadan qancha texnikalar insonlarning og‘irini yengil qilyapti. Aytmoqchi bo‘lganim, erkak kishining dunyoqarashi keng bo‘lsa, ayol kishi ham unga qarab intiladi. Ayol degani faqat bitta mebelni artib, qozon-tovoqni tozalash bilan umri o‘tib ketmasligi kerak. Men ham barcha ayollar singari uy ishlarini qilib zerikib ketaman. Aytmoqchi bo‘lganim, erkak va ayol bir-birini to‘ldirishi, oliy maqsadlar sari intilishi kerak, — deydi xonanda Manzura.
Xonanda fe’l-atvoridagi ba’zi kamchiliklar sabab bir necha yil trendda bo‘lgani va bu holat ijodkorlarga xos ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
— Emotsional insonman, gapirib qo‘yib, keyin ko‘p afsuslanaman. Bu avvalo ayol kishiga, undan keyin ijodkorlarga xos xarakter bo‘lsa kerak. Xo‘jaligimga boribmi, ob-havoga o‘xshab fe’l-atvorim ham o‘zgarib turadi. Yulduz Usmonova ham emotsional inson. Shu fe’lim sabab bir necha yil trendda bo‘lib, muhokamalar markazida bo‘lganman, — deydi xonanda.
Xonanda Manzura san’atkorlar orasida Dildora Niyozovaning shaxsiy hayotiga havas qilishi haqida aytib o‘tdi.
— Dugonalarim orasida turmush o‘rtog‘i bilan baxtli yashayotganlari ko‘p. Ammo san’atkorlar orasida aynan Dildora Niyozovaning oilasiga havasim keladi. Er-xotinning bir-biriga bo‘lgan munosabati, erkakning oilasiga qanday vaqt ajratishini ko‘rib “bo‘lar ekan-ku”, deganman.
Erkaklar orasida ayolining boshqa turmushidan bo‘lgan bolasini ham o‘z farzandidek mehr ko‘rsatayotgan, ishni ham, oilani ham o‘z o‘rniga qo‘yayotganlarni ham ko‘rdim. Bu ham havas qilishga arzigulik jihat. Chunki erkak kishi faqat pul topishi kerak deb, bor e’tiborini ishiga qaratayotgan, hatto oilaviy ovqatlanishga ham vaqt topmaydiganlar bor, — deydi xonanda Manzura.
Manzura ota-onasini yo‘qotganidan keyin tushkunlikka tushgani va qiyin kunlarni boshdan kechirgani haqida aytib o‘tdi.
— Ota-onamni yo‘qotganimdan keyin hech narsaga qiziqishim qolmadi, depressiyaga tushib qoldim. Bir uyda to‘rt kishi yashardik. Ota-onam, opam va men. Tasavvur qiling, to‘rt oy ichida ikkita inson vafot etdi.
Otam rahmatli Yangi yil bayrami dasturxoniga qo‘yiladigan olive salati va norin taomini yaxshi ko‘rardi. Dasturxon tuzab, oila davrasida televizor ko‘rishni yaxshi ko‘rardik. 2018 yilning yozida ota-onamdan ketma-ket ayrildik va Yangi yil dasturxonida Nigina opam bilan yolg‘iz o‘tiribmiz. Bu holat inson ruhiyatiga juda qattiq ta’sir etar ekan. Hatto shunday kunlar ham bo‘ldiki, uyni ta’mirlatish kerak bo‘lganida shu ishni ham qilishni istamadik. Chunki uyning har burchagidan ota-onamning yuz-ko‘zlari ko‘rinardi. Uydagi har bir narsa ular bilan bog‘liq xotiralarni eslatardi.
Ota-onam bilan 40 yoshimga qadar birga yashadim. Ba’zan hatto ularni nabiralik qilolmadim, deb o‘ksinardim. Ammo Yaratganning xohishi bilan inson turmushga chiqadi, farzandli bo‘ladi. Samodan nikoh tushmagunicha bir erkakka yaqinlashib bo‘lmaydi. Demak, shunday bo‘lishi kerak edi, deb o‘zimni yupataman.
Ota-onam bilan sayohat qilishni, ayniqsa, Antaliyadagi dengiz sohillariga borishni yoqtirardim. Ammo ota-onamni yo‘qotganimdan keyin sayohatga borish ham ko‘nglimga sig‘may qoldi. Inson hayotida ota-onaning o‘rni katta, afsuski, ularni yo‘qotgandan keyin buni yanada kuchliroq his qilarkansiz, — deydi xonanda Manzura.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring