Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston YUNЕSKO konferensiyasini Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini aytdi
O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva va YuNeSKO bosh direktori Odri Azule 4 sentabr kuni tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasini ochib berdi. Ko‘rgazma buyuk alloma tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan.
Tashrif buyuruvchilar vizual installyatsiyalar yordamida Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida ma’lumot olishlari mumkin. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yig‘ilgan qo‘lyozmalariga alohida joy ajratilgan.
“O‘ylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan o‘zbek zamini haqidagi tasavvurlarini yanada boyitadi”, – deya ko‘rgazma haqida fikr bildirdi Saida Mirziyoyeva.
U, shuningdek, O‘zbekiston YuNeSKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Agar ushbu taklif ma’qullansa, bu tarixiy voqea YuNeSKO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan an’anani o‘zgartira oladi”, – dedi Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, YuNeSKO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat sohalariga oid maxsus tashkiloti hisoblanadi. Tashkilotga 1945 yil 16 noyabrda asos solingan. O‘zbekiston YuNeSKOga 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lib kirgan.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring