Madaniyat vazirligi salkam 500 mln so‘mga yaratilayotgan portali haqida maʼlumot berdi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 10 nafar sanʼatkor haqida maʼlumot beruvchi portalni yaratish va amaliyotga tatbiq etish uchun salkam yarim milliard so‘m mablag‘ sarflayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Madaniyat vazirligi mazkur holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan eʼtirozlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda faoliyat olib borayotgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, ularning ijodiy faoliyati to‘g‘risida aholiga ishonchli maʼlumotlarni yetkazib beradigan yagona ochiq axborot tizimi mavjud emas.
Shuningdek, aholining to‘y, marosim va boshqa tadbirlarga o‘zlari maʼqul ko‘rgan sanʼatkor, ijodkor yoki ijodiy jamoalarni taklif qilish istagi bo‘lsa-da, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt o‘rnatish, bog‘lanish yoki reja qilingan kuni ularning vaqti, imkoniyatini bilish qiyinchilik tug‘dirib keladi. Yaʼni sanʼatkor va muxlis o‘rtasida integratsion maydon mavjud emas.
“Yaratilayotgan portal ensiklopedik xususiyatga ega bo‘lib, faqat 10 nafar sanʼatkornigina emas, balki mamlakatimizda ijod qilayotgan barcha madaniyat va sanʼat sohasi vakillari — xonanda-sozanda, aktyor-aktrisa, rejissyor, shoir-yozuvchi, so‘z ustalari, raqs sanʼati, tasviriy va amaliy sanʼat vakillari, askiyachilar, baxshi, jirov, oqinlar, sirk artistlari, folklor jamoalari, ashula va raqs ansambllari, estrada guruhlari, orkestr va xor jamoalari, teatr jamoalari to‘g‘risidagi aniq va ishonchli maʼlumotlar bilan to‘ldiriladi”, — deyiladi munosabatda.
Taʼkidlanishicha, mazkur onlayn tizim Elektron hukumatning markazlashgan platformasi; sanʼatkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini tekshirishga ko‘maklashuvchi Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi hamda foydalanuvchilarga sanʼat va madaniyat vakillari ijodiga baho berish, sharh qoldirish imkoniyatini beradigan “Imkon Uzbekistan” NNTning “commeta sharh” onlayn platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Portal orqali madaniyat va sanʼat vakillarini davlat mukofotlariga tavsiya etishda shaffoflikni taʼminlash, jumladan, “Reyting baholash” quyi tizimi orqali keng jamoatchilikning sharh va kommentlarini hisobga olish, ijodkorlar faoliyatini adolatli sarhisob qilish, umumiy baholarni avtomatik ravishda hisoblab borish reja qilingan.
“Vazirlik yuqoridagi zarurat va ehtiyojlardan kelib chiqib yagona ochiq axborot tizimini yaratish tashabbusini ilgari suradi. Mazkur portalni ishlab chiqish xarajatlari esa ko‘p funksiyali va katta maʼlumotlar bazasini o‘zi ichiga qamrab oluvchi yangi tizimning murakkab texnik vazifalarini hisobga olgan holda belgilangan”, — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, ommaviy axborot vositalari vakillari, keng jamoatchilikka mazkur portal haqida to‘liq maʼlumot olish imkoniyatini yaratish uchun kelgusida vazirlik tomonidan brifing o‘tkaziladi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring