“Hozirgi aqlim bo‘lganida ajrashmasdim”. Xonanda Iroda Iskandarova Davron G‘oyipov bilan turmushi haqida
Xonanda Iroda Iskandarova jurnalist Jasur Hamroyevga bergan intervyusida o‘g‘lining o‘limidan so‘ng qattiq tushkunlikka tushgani haqida so‘zlab berdi.
“2000 yilda tug‘ilgan o‘g‘limning ko‘richagi yorilib ketib, ulgurmay qolganmiz saqlab qolishga. Hayot bo‘lganida 12 dekabr kuni 23 yoshga to‘lardi.
Farzandim vafot etganidan so‘ng uch oy joyimdan tura olmay yotdim. Shu paytda shu darajada tushkunlikka tushib qoldimki, hatto o‘zimni o‘ldirishga ham urindim. Xayolimda faqat o‘g‘lim, o‘g‘limning yoniga borishim kerak, degan o‘y bor edi. Umuman uxlay olmay qoldim. Hozirgacha shu ahvol, tuni bilan uxlamay o‘g‘lim uchun ibodat qilib, bizni jannatlarda uchrashtirishini so‘rayman. Hozirgacha tinchlantiruvchi dorilar ichib yuraman. Bir narsani ayta olaman, men o‘limdan qo‘rqmayman, faqat uyoqqa borganda bo‘ladigan savol-javoblardan qo‘rqaman. O‘g‘limning o‘limidan so‘ng ko‘p narsani o‘rgandim.
O‘g‘lim vafot etganidan so‘ng san’atga qaytish niyatim yo‘q edi. Lekin do‘stlarim bunday vaziyatda meni qo‘llab-quvvatladi. Qizidan ayrilgan Fotima Rejametova oldimga kelib, “Nima yotish bu, tur o‘rningdan! Bir-ikkita muxlising bo‘lsa ham ular uchun ijod qilishing kerak”, deb menga taskin beruvchi so‘zlarni aytib, ko‘nglimni ko‘tardi”, — deydi xonanda.
Shuningdek, xonanda marhum san’atkor Davron G‘oyipov bilan turmushi haqida ham so‘zlab berdi.
“Davron bilan turmush qurganimda juda yosh, qishloqning sodda qizi edim, ko‘chani ko‘rmaganman. O‘shanda katta hayotga tayyor bo‘lmaganman. Davron G‘oyipov bilan turmush qurganimizdan so‘ng ular menga ko‘p narsani o‘rgatdi. Meni katta sahnalarga olib chiqdi. Bundan juda minnatdorman. Ilohim joylari jannatdan bo‘lsin. Men ular bilan yashaganimdan hech ham afsuslanmayman. Biz ajrashib ketganimizdan so‘ng ham gaplashib turardik.
Bizning xarakterimiz to‘g‘ri kelmadimi, men yoshlik qildimmi, bilmadim nimadir bo‘lib, ajrashib ketdik. U paytda dunyoqarashim hozirgidek bo‘lmagan. Agar hozirgi aqlim bo‘lganida ajrashmasdim. Ikkalamiz duet kuylab, viloyatlardagi katta-katta sahnalarda konsert qo‘yganmiz. Bu men uchun katta tarbiya, san’at borasidagi katta maktab bo‘lgan. U mendan 11 yosh katta bo‘lgan. 1995 yilda turmush qurganmiz, besh yil birga yashab ikki nafar farzand ko‘rganmiz”, — deydi xonanda.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring