Foto: “Daryo”
Ayni kunda yangi konsert dasturiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova jurnalistlarga bergan intervyusida shoir Muhammad Yusufni quyidagicha xotirladi.
— U paytdagi ijod butanlay boshqacha edi. Tortishardik, fikrlashardik, ammo ijodiy hamkorlik mustahkam edi. Muhammad aka avval bir sasib olardi, jahli chiqardi. Keyin yarim kechasi qo‘ng‘iroq qilib “Yulduz, mendan xafa bo‘lib qolmadingizmi, she’rning falon yerini to‘g‘irlab qo‘ydim. So‘z topish ham osonmasda”, derdi.
Biz bilan birga ijod qilishni boshlaganlarning nechtasi hozir oramizda yo‘q. O‘shalarning qo‘shig‘ini aytib katta bo‘lgan xonandalarning ko‘pchiligining sochiga oq tushib, ikkinchi tomonga qarab ketyapti. Ya’ni ijodda tepalikka chiqib, endi qayta pastlikka qarab ketishyapti, — deydi Yulduz Usmonova.
Xonanda oyog‘ining ostida o‘ralashadigan va unga taqlid qiladigan ijodkorlar yoqmasligi haqida gapirdi.
Foto: “Daryo”
— Hozirgi yosh xonandalarning ko‘pchiligi o‘ziga katta baho beradi. “Mening raqobatchim yo‘q”, deydi. San’atda raqobat bo‘lishi kerak. Menga ham oyog‘imning ostida o‘ralashadigan, bantik taqsam, qora ko‘ylak kiysam xuddi shuni takrorlaydigan odam kerakmas. Bu xuddi motor yonganda suv quysa yonadi, benzin quysa ishlaydigandek gap. Ya’ni bittasi motor bo‘lsa, bittasi benzin bo‘ladi. Xonandalarning barchasi san’atning bir qismimiz, o‘ziga katta baho bermasdan ishlash kerak. Uch yildan keyin hech kim bir-birini eslolmaydigan zamonda yashayapmiz. Bir paytlar Umida, A’lo, Oypopuk va Dilfuza deganlari bor edi? Qani, shularni kimdir eslayaptimi? Bilmadim balki qaysidir qishloqlardagi konsertlarda bordir, ammo men ularni birorta shahardagi to‘ylarda ko‘rayotganim yo‘q. Ularni kim izlayapti? Bir gap bor: kimdir izlashi uchun odam mehnat qilishi kerak. Afsuski, san’atkorlarning ko‘pi o‘lib ketdi, o‘lmay qolgani ham ijodda emas.
Foto: “Daryo”
Inson ijodda ham, hayotda ham maqsadni uzoqroq qo‘ymasa o‘ladi. Har doim “Inshaalloh o‘lmasam, shu ishni qilaman” deb maqsad qilaman. Chunki odam maqsadsiz yashasa o‘ladi. Hozirgi san’atkorlarda maqsad yo‘q, — deydi Yulduz Usmonova.
Yulduz Usmonova to‘y biznesidagi daromad sabab ijodkorlarning ko‘pchiligi dangasa bo‘lib qolayotgani va eng yaxshi musiqachilar maosh kamligi uchun xorijga ishlashga ketayotgani haqida gapirdi.
Foto: “Daryo”
— Iqtisodiyotning o‘zi shuni talab qilayapti. Hozir bitta raqqosaning o‘zi bitta to‘yga chiqib, 70-150 AQSH dollari olyapti. Konsertga chaqirsak ikkilanib qoladi. Chunki konsertda to‘ydan topayotgan pulidek haq to‘lolmaymiz, ammo sahnada ter to‘kib ishlashini talab qilamiz.
Orkestrning tarkibi ham avvalgidan o‘zgargan. Chunki musiqachilarning ko‘pchiligi xorijga ishlagani ketdi. Ilgari Yaponiyaga ketishardi, hozir Xitoyga ishlagani ketishyapti. Ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Bizda uch million so‘m oylik olsa, u yerda 2-3 ming AQSH dollari maosh to‘laydi. Asl musiqachi bo‘lish uchun 7 yil maktabda, 3 yil kollejda va 4 yil institutda o‘qishi kerak. Umrining 14 yilini o‘qish bilan o‘tkazgan musiqachining oladigan oyligi bunaqa bo‘lganidan keyin nima qilsin, ketadi-da. Bu oxiri emas, hali ularning ko‘pchiligi ketadi.
Foto: “Daryo”
Yaxshi musiqachini topib, uni ijodda ushlab qolish qiyin bo‘lyapti. Ansamblimda 13-15 ta sozanda ishlaydi. Ishlashni istamaydigan sozandalar fonogrammani chalib turgandek bo‘ladi, lekin kundalik to‘ydan haq oladi. Unga ishlamay turib, haq olish yoqadi. Ammo ansamblimdagi yigitlarning bari ter to‘kib ishlashdi, shuning uchun ham ularga yaxshi mablag‘ to‘lashga harakat qilaman.
Bu gaplarimni hech kim noto‘g‘ri tushunmasin. San’atga ichim achiganidan tanqid qilyapman. San’atimiz rivojlansa, ijodkorlar mehnat qilsa yaxshi-ku, to‘g‘rimi? — deydi xonanda Yulduz Usmonova.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring