13:23 / 05.05.2024
470

Gollivudda ham mashhur bo‘lgan hind aktrisalari (foto)

Gollivudda ham mashhur bo‘lgan hind aktrisalari (foto)
Ko‘pgina hindistonlik aktrisalar tabiiy va takrorlanmas tashqi ko‘rinishi bilan dunyo go‘zallari qatoridan joy olgan. Ular orasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan va Gollivudda mashhur bo‘lgan yulduzlar ham mavjud. Aktrisalarning ba’zilari Amerika yoki Yevropada tug‘ilgan bo‘lsa, boshqalari kinodagi faoliyatini aynan Hindistondan boshlagan.

Frida Pinto

Foto: The New Yorker
Frida 1984 yil 18 oktyabrda Bombey (hozirgi Mumbay) shahrida tavallud topgan. Kollejdagi o‘qish kezlarida u havaskor spektakllarda qatnashar edi, so‘ng Hindiston televideniyesida teleboshlovchi va model sifatida ishlay boshladi. Aynan shu faoliyat unga kino sanoatida o‘zini namoyon qilish imkoniyatini berdi. Frida 2008 yilda modellik agentligi orqali Britaniyaning “Xarobadan chiqqan millioner” filmida suratga tushishga taklif qilindi.

Foto: Harper's Bazaar
Film butun dunyoda shov-shuvga sabab bo‘ldi va bir nechta “Oskar” mukofotlarini oldi. Bugungi kunda Frida o‘ndan ortiq filmlarda suratga tushgan. Qiziqarli tomoni shundaki, uni o‘z vatanida ko‘pchilik deyarli tanimaydi, chunki aktrisa Bollivuddan ko‘ra Britaniya va Amerika loyihalarida ishtirok etishni afzal ko‘radi.

Priyanka Chopra

Foto: Entertainment Weekly
Priyanka 18 yoshida “Dunyo go‘zali-2000” tanlovida g‘olib bo‘ldi va bu unvonni qo‘lga kiritgan beshinchi hindistonlik qizga aylandi. G‘alabasidan uch yil o‘tib Priyanka Bollivudda ish boshladi va bugungi kunda u Hindistondagi eng ko‘p maosh oluvchi aktrisalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Chopra Time statistikasiga ko‘ra, dunyodagi eng nufuzli 100 kishi ro‘yxatiga va Forbes'ning dunyodagi eng nufuzli ayollar yuztaligiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Chopra “Malibu qutqaruvchilari”, “Matritsa: Qayta tug‘ilish” va “Qo‘rg‘on” kabi Gollivud filmlarida suratga tushgan.

Ayshvariya Ray

Foto: Rolling Stone
Ayshvarya Hindistonda tug‘ilib o‘sgan va asosan hind filmlarida suratga tushgan, ammo o‘zining go‘zalligi tufayli butun dunyoga mashhur bo‘lgan. 1994 yilda Ayshvariya Ray “Dunyo go‘zali” tanlovida g‘olib bo‘ldi va qisqa fursat ichida unga yirik reklama shartnomalari bo‘yicha takliflar tushdi. U hatto Vogue jurnali muqovasida paydo bo‘ldi. Ayshvariya Gollivud filmlaridan “Pushti pantera-2”, “Ziravorlar malikasi” va yana bir nechta filmlarda suratga tushgan. Aktrisaga Bred Pitt bilan “Troya” filmida rol ijro etish taklifi berilgan, ammo u taklifni rad etgan.

Dipika Padukone

Foto: The statesman
Dipika Kopengagenda mangalurlik hindlar oilasida tavallud topgan va bir yil o‘tmasdanoq oilasi Hindistonga qaytib kelgan. U o‘zining maftunkor tashqi ko‘rinishi tufayli modellik karyerasini boshlashga muvaffaq bo‘ldi. Dastlab aktrisa Indira Gandi milliy universitetiga o‘qishga kirdi, so‘ng tez orada Bollivud filmlarida suratga tusha boshladi. O‘qish va ishni bir maromda davom ettirishga qiynalgan Dipika o‘qishni sirtqi ta’lim shakliga o‘tkazishga qaror qildi. Padukone 2017 yilda aktyor Vin Dizel bilan “XXX: Jahon hokimiyati” filmida suratga tushgan. Time nashri aktrisani 2018 yilning eng nufuzli odamlari ro‘yxatiga kiritgan.

Padma Lakshmi

Foto: Rolling stone
Aktrisa Padma Lakshmi Hindistonda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining asosiy qismini AQSHda o‘tkazgan. U karyerasini avval teleboshlovchi va model sifatida boshlagan. Keyinroq Padma moda madaniyati markazlari bo‘lgan Parij, Milan, Nyu-York shaharlarida modellik karyerasini amalga oshirgan birinchi hind aktrisasiga aylandi. U Emanuel Ungaro, Giorgio Armani, Gianni Versace, Ralf Lauren va Alberta Ferretti kabi brendlar bilan ishlagan. So‘ng Lakshmi Hindiston va Amerikaning turli filmlarida rol o‘ynay boshladi. U o‘zining oshpazlik shousi uchun Amerikada Critic's Choice Awards mukofotiga sazovor bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Gollivudda ham mashhur bo‘lgan hind aktrisalari (foto)