22:10 / 26.12.2024
316

“Oʻzbegim — 2024” mukofoti qaysi san'atkorlarga nasib etdi?

“Oʻzbegim — 2024” mukofoti qaysi san'atkorlarga nasib etdi?
Kuni kecha muhtasham “Xalqlar doʻstligi” san'at saroyida “Oʻzbekkontsert” tomonidan ilk marotaba oʻtkazilgan “Oʻzbegim — 2024” milliy taqdimotining tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

“Oʻzbegim — 2024” taqdirlash marosimi yosh va iqtidorli ijrochilarni, estrada xonandalarini qoʻllab-quvvatlash, qoʻshiqlarning badiiy saviyasini ham oshirishga qaratilgan qadam boʻldi. Yil davomida oʻz ijodi bilan xalq qalbidan joy olgan bir qator ijodkorlar 11 ta nominatsiya boʻyicha taqdirlandi. Bundan tashqari maxsus ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha ham mukofotlar topshirildi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
Yorqin lahzalarga boy oʻtgan tadbirda Jamshid Umrzoqov va Laziza Nozimxonova boshlovchilik qildi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
Yilning “eng yaxshi”lari muxlislar yoʻllagan bevosita ovozlar orqali ma'lum boʻlgan.

“Yilning eng faol ijodkori”

Nomzodlikka uch san'atkor qoʻyilgan — Ulugʻbek Rahmatullaev, Hamdam Sobirov, Muhammadziyo. Taqdirlash marosimida muxlislarining bergan ovozi orqali “Yilning eng faol ijodkori” nominatsiyasi Muhammadziyoga nasib qildi.

Foto: “Daryo” / Avaz Avlaev
“Yilning eng yaxshi ayol xonandasi”

Nomzodi qoʻyilgan uchala xonanda ham mukofotga loyiq, albatta, — Rayhon, Ozoda Nursaidova hamda Munisa Rizaeva. Muxlislarning e'tirofi bilan mazkur nominatsiyani Ozoda Nursaidova qoʻlga kiritdi. Shubhasiz, bu yil xonanda uchun sermahsul va omadli yil boʻlib, qator taronalari xit darajasiga etdi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati

Foto: “Daryo” / Avaz Avlaev
“Yilning eng yaxshi erkak xonandasi”

Nomzodlar roʻyxatida ijodda bir-biridan oʻtuvchi xonandalar joy olgan — Botir Qodirov, Shohruhxon va Hamdam Sobirov. Mukofot qoʻshiqlari xalq qalbidan joy olib kelayotgan, estradada retro uslubida ijod qilishni boshlab bergan Hamdam Sobirovga nasib etdi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati

Foto: “Daryo” / Avaz Avlaev
“Yilning eng yaxshi soʻz ustasi”

Taqdirlash marosimlarida ilk bora soʻz ustalari uchun ham nominatsiya tashkil etilgani alohida e'tirofga loyiq, albatta. Mazkur nominatsiyadagi soʻz ustalari va qiziqchilarni siz yaxshi taniysiz — Jamshid Normatov, Avaz Oxun va Elmurod Haqnazarov. Muxlislarning e'tirofi bilan bu mukofotga ijodiga 11 yil toʻlgan soʻz ustasi Avaz Oxun loyiq deb topildi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
“Yilning eng yaxshi shou-kontserti”

Xonandalar orasida shou-kontsert berish anchayin ommalashgan. Yil boshida Rayhon va Shohruhxon shou-kontsertini muxlislar e'tiboriga taqdim etgan boʻlsa, kuz oylarida 6 yillik ijodiy tanaffusdan soʻng Lola “bomba” atmosferada oʻz kontsertini oʻtkazdi. Mukofot ham eng yaxshi shou uchun Lolaga nasib etdi. Xonandaga mukofotni ustoz san'atkor Yodgor Sa'diev topshirdi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
“Yil qoʻshigʻi”

2024 yil oʻzbek estradasida anchayin sermahsul yil boʻldi desak, adashmagan boʻlamiz. Oʻzbekcha kuy-qoʻshiqlar jahon arenalarida ham yangradi, YouTubeda eng koʻp koʻrishlar soniga ham ega boʻldi — bir soʻz bilan aytganda “trend” qoʻshiqlarning keti uzilmadi. “Yil qoʻshigʻi” nominatsiyasiga Botir Qodirovning “Sevgisi yolgʻonim” taronasi, Ozoda Nursaidovaning “Javohir”i hamda Otabek Muhammadzohidning “Sendaqasi yoʻq” qoʻshigʻi qoʻyildi. Yigʻilgan ovozlar natijasiga koʻra “Javohir” qoʻshigʻi mukofotga loyiq deb topildi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
“Yilning eng yaxshi estrada guruhi”

Oʻzbek estrada guruhlaridan kimlar e'tirofga loyiq deb hisoblaysiz? “Setora”, “Benom” hamda “Bojalar” — har birining oʻz tinglovchisi va muxlislari etarlicha. 2024 yilda haqiqatdan ham tinmay ijod qilgan, jonli ijroda ikki marotaba kontsert bergan “Benom” guruhi tomoshabinlar bergan ovozi orqali ushbu nominatsiya gʻolibi deya topildi.

“Estradamiz nostalgiyasi”

Bu noodatiy nominatsiyaga uch erkak san'atkor — Anvar Sanaev, “Sahar” guruhi solisti Anvar Joʻraev hamda Dj Piligrim taxallusi bilan ijod qiluvchi Ilhom Yoʻlchiev nomzodi qoʻyildi. Oʻzbek estradasi nostalgiyasi ruhini beruvchi san'atkor sifatida tinglovchilar ovozi orqali Dj Piligrim “Estradamiz nostalgiyasi” mukofotini qoʻlga kiritdi!

“Yil yangi ovozi”

Yosh va iste'dodli qoʻshiqchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun “Yil yangi ovozi” nominatsiyasi ta'sis etildi. Nomzodlikka qoʻyilgan Shahzod Ergashev, Ruxsora Otajonova va Akmalxoʻja Xolxoʻjaev orasidan Shahzod Ergashev mukofotga loyiq deb topildi.

“Vatanparvarlik tarannumi uchun”

Ushbu nominatsiyaga uch nafar eng yaxshi xonandaning qoʻshiqlari bilan nomzodi qoʻyildi. Gʻulomjon Yoqubov, Sevara Nazarxon va Milena Madmusaeva vatan haqidagi eng yaxshi qoʻshigʻi uchun “bellashdi”. Mukofot noodatiy ijodiy yoʻli bilan koʻplarning qalbidan joy olgan Sevara Nazarxonga nasib etdi.

Shu jumladan, “Oʻzbekkontsert” e'tirofi” boʻyicha xonanda Imron, “Madaniy tadbirlardagi faolligi uchun” Jahongir Poziljonov, “Oʻzbek estrada san'ati rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” Rayhon Gʻanieva, “Millat kuychisi” e'tirofiga Farrux Zokirov va Gʻulomjon Yoqubov munosib deb koʻrildi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
Tadbirga ishtirokchi va mehmon sifatida tashrif buyurgan har bir xonanda oʻz repertuaridagi eng sara qoʻshiqlari bilan yorqin chiqishlar qildi. Taqdirlash marosimi yuqori kayfiyat va bayramona ruhda oʻtdi.

Foto: “Oʻzbekkontsert” matbuot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat