Senatning uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san'atini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ma'qullangandi. Qonun bilan Madaniyat vazirligining jonli ijro san'atini rivojlantirish, san'atkor, ijodkor hamda ijrochilarni qoʻllab-quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanmoqda.
Jumladan, davlat madaniy kontsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda jonli ijro yoki fonogrammadan foydalanish darajasini hamda usullarini belgilash, ijrochilar tomonidan fonogramma va mualliflik asarlaridan foydalanishda amaldagi qonunchilikka rioya etishlarini monitoring qilish hamda milliy san'at va madaniyat nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Qonun bilan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan kontsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari koʻrsatilishi shart ekanligi hamda kontsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi toʻgʻrisidagi axborot umumiy reklama maydonining (sathining) kamida oʻn foizini tashkil etishi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Bu tomoshabinlarning oʻz tanlovini ongli ravishda qabul qilishiga yordam beradi. Qaysi xonanda aytyapti, kim musiqasini yozgan, qanchalik jonli, qanchalik fonogramma – hammasi aniq va shaffof boʻladi.
Majlisda qayd etilishicha, yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi musiqa sohasi yanada rivojlanishiga, yangi iste'dodlar kashf etilishiga, oʻzining haqiqiy jonli ovozi boʻlgan xonandalar va sozandalar faoliyati keng ragʻbatlantirilishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekistonda jonli ijroni ragʻbatlantirish maqsadida san'at vakillariga imtiyozlar berib kelinmoqda. Buning natijasida keng jamoatchilik, xususan yoshlar oʻrtasida estrada san'atiga qiziqish kuchayib bormoqda. Xususan, prezidentning 2020 yil 26 mayda “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi kontsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan kontsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy qilingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar