
“Oppog‘oy” ertagining zamonaviy talqinida bosh qahramonni gavdalantirgan 23 yoshli aktrisa Reychel Zegler film muvaffaqiyatsizligidan so‘ng ruhiy holatiga jiddiy zarar yetganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy tanqidlar va bosim tufayli u psixiatr xizmatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.


Film katta sarmoyaga qaramay, ommaviy muvaffaqiyat qozona olmadi: IMDb reytingida u 10 balldan bor-yo‘g‘i 1,6 ball oldi, bu esa platformadagi eng past baholardan biri hisoblanadi. Prokatdan atigi 87,3 million dollar yig‘ilgan bo‘lib, bu 270 million dollarlik budjetdan ancha kam.
Aktrisa intervyularidan birida “Men bunday holatlarga juda ta’sirchanman. Bu mening shaxsiy mag‘lubiyatim emas, lekin bosim juda katta bo‘ldi”, — degan.
Tushkunlik holatidan chiqish uchun Reychel ota-onasining uyiga — Nyu-Jersiga yo‘l olgan. U muntazam psixiatrga qatnaganini, xavotirni kamaytiruvchi dori-darmonlar yozib berganini ochiq aytdi. “Agar bu dorilar bo‘lmaganida, yashay olmasdim”, — deydi u.
Film yaratilish jarayonidayoq Reychel Zeglerning bosh rolga tanlanishi muxlislar orasida katta e’tirozlarga sabab bo‘lgan. “Qor kabi oppoq” deb tasvirlangan qahramonni lotin amerikalik aktrisaning gavdalantirishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ayniqsa, Zeglerning 1937 yilda chiqarilgan asl filmni “eskirgan” deb atashi va undagi romantik munosabatlarni “sog‘lom emas” deb tanqid qilishi jamoatchilik noroziligini kuchaytirdi. Unga ko‘ra, yangi versiyada Oppog‘oy kuchli, mustaqil va yetakchi ayol sifatida namoyon bo‘lishi kerak edi.
Forbes’ning yozishicha, bu loyiha Disney studiyasi uchun eng muvaffaqiyatsiz filmlardan biriga aylangan. Og‘ir tanqidlar, salbiy baholar va jamoatchilik noroziligi — bularning bari nafaqat film, balki bosh rolni o‘ynagan aktrisaning shaxsiy hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Zegler hozirda sog‘lig‘i va ruhiy barqarorligini tiklash ustida ish olib bormoqda. “Mening psixiatrim bu vaqt ichida doim yonimda bo‘ldi”, — deydi u. Aktrisaning bu qiyinchiliklardan qanday chiqib ketishi esa muxlislar uchun ham qiziq bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar