date

Ra’no Shodiyeva Xitoyda yuzlab aktrisalarni ortda qoldirdi!

Ra’no Shodiyeva Xitoyda yuzlab aktrisalarni ortda qoldirdi!
6 iyul kuni Xitoyning Chongqing shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi 2025 kinofestivalining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu nufuzli tadbirda o‘zbekistonlik aktrisa Ra’no Shodiyeva “Bahorni quvib” filmidagi ta’sirli roli uchun “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Aktrisaning aytishicha, unga berilgan yuksak baho uni chuqur hislar girdobida qoldirgan.
— “Xursandchiligimni ifoda etishga so‘z topa olmayapman. SHHT xalqaro kinofestivalida men va filmim mukofotga sazovor bo‘ldik. Bu rolga ishongan rejissyorim Ayub Shahobiddinovga alohida minnatdorlik bildiraman”, — deb yozdi u o‘zining Instagram sahifasidagi hikoyasida.

“Bahorni quvib” filmida o‘zbek ayolining qalb kechinmalari, ruhiy holati va insonlar o‘rtasidagi munosabatlar yurakdan so‘zlanadi. Kino asarga mashhur dramaturg va yozuvchi Erkin A’zam ssenariy yozgan bo‘lib, filmni Ayub Shahobiddinov suratga olgan.

Kinofestivalda O‘zbekiston faol qatnashdi. Asosiy tanlov dasturiga mamlakatimiz nomidan ikki film — Dilshodbek Usmonovning “Uzum” va Ayub Shahobiddinovning “Bahorni quvib” filmlari kiritilgan bo‘lib, ular “Oltin kameliya” mukofoti uchun bellashdi. Bundan tashqari, tanlovdan tashqari dasturda yana uchta o‘zbek filmi namoyish etildi.

Qayd etish joizki, kinofestival hakamlar hay’ati tarkibiga o‘zbekistonlik hujjatli film rejissyori Furqat Usmonov ham kiritilgan.

Festivalning asosiy tanlovida 11 mamlakatdan 20 ta film qatnashdi. Ular orasida O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Eron, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston va Mo‘g‘uliston kabi davlatlar ham bor. G‘oliblar “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi rejissyor”, “Eng yaxshi ssenariy”, “Eng yaxshi aktyorlik ijrosi” va yana 10 ta nominatsiya bo‘yicha e’lon qilindi.

Ra’no Shodiyevaning g‘alabasi nafaqat shaxsiy yutuq, balki o‘zbek kinosanoati uchun ham muhim voqea sifatida tarixga kirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ra’no Shodiyeva Xitoyda yuzlab aktrisalarni ortda qoldirdi!