So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Coldplayed” degan yangi ibora paydo bo‘lib, internet foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu so‘zning kelib chiqishi mashhur rok-gruppa Coldplay konserti bilan bog‘liq bo‘lsa-da, musiqaga hech qanday aloqasi yo‘q. Aslida, u zamonaviy xiyonatlarning yangi turini ifodalaydi, deb xabar berdi Peopletalk.
Termin qayerdan paydo bo‘ldi?
Amerikadagi Astronomer kompaniyasi bosh direktori Endi Bayron Bostonda bo‘lib o‘tgan Coldplay konsertida “potseluylar kamerasi” (Kiss Cam) obyektiviga tushib qoldi. Uning yonidagi ayol – Kristin Kebot, ushbu kompaniyaning kadrlar bo‘limi rahbari sifatida tanildi. Ular o‘zaro yaqin munosabatda bo‘lgani aks etgan lavha tezda tarqalib ketdi va internet foydalanuvchilari bu voqeani hazil va mish-mishlarga boy mavzuga aylantirishdi.
Hayotdagi oddiy bir xiyonat voqeasi ommaviy “shou”ga aylandi. Shu tarzda Coldplayed – ya’ni "xammaning ko‘z o‘ngida sharmandali tarzda fosh bo‘lgan xiyonat" ma’nosidagi yangi so‘z paydo bo‘ldi.
Coldplayed nima degani?
Bu so‘z nafaqat xiyonat, balki u jamoat oldida, ijtimoiy tarmoqlarda va millionlab odamlar guvohligida sodir bo‘lgan fosh etish holatini anglatadi. Kimdir “kameraga tushib qolishi”, yuzini yashirishga urinishi, ammo baribir tanilishi – mana shuning o‘zi Coldplayed holati. Bu faqat shaxsiy dramani emas, balki butun internet tomoshabinlarini jalb qiluvchi realiti-shouga aylanadi.
Nega bu O‘zbekiston uchun ham dolzarb?
O‘zbekistonda ham ijtimoiy tarmoqlar faol rivojlanmoqda va ko‘pchilik shaxsiy hayotini internetda namoyon qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, shaxsiy munosabatlarning ommaviy muhokamaga sabab bo‘lishi ehtimolini oshiradi. Shu bois, Coldplayed kabi holatlar endi nafaqat xorijda, balki bizda ham yuzaga chiqishi mumkin.
Onlayn davrda hushyorlik shart
Coldplayed – bu shunchaki bir so‘z emas, bu raqamli zamonda shaxsiy munosabatlarga bo‘lgan yondashuvning ifodasi. Birgina kamera, birgina video – va siz internet "qahramoni"ga aylanishingiz mumkin. Shuning uchun ham, shaxsiy va ish munosabatlarini jamoat oldida namoyon qilishdan oldin, oqibatlarini o‘ylab ko‘rgan ma’qul.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!