Rossiyaning mashhur multfilm studiyasi — «Soyuzmultfilm» Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi sudda LaRubInt Corp. kompaniyasiga qarshi ishda mag‘lub bo‘ldi. Sud qaroriga ko‘ra, studiya Yaponiyada Cheburashka obrazidan boshqa litsenziya asosida foydalangani uchun amerikalik kompaniyaga zararlarni qoplab berishi shart.
Masala ildizi 2016 yilga borib taqaladi. O‘sha yil «Soyuzmultfilm» LaRubInt Corp. kompaniyasiga Yaponiya, Xitoy, Hindiston, AQSH va Kanadada o‘z multfilm qahramonlaridan foydalanish huquqini 60 ming dollar evaziga sotgan. Bu kelishuv 2021 yilgacha amal qilgan.
Biroq shartnoma imzolangandan so‘ng bor-yo‘g‘i bir oy o‘tib, LaRubInt tomoni Yaponiyadagi Cheburashka Project LLP kompaniyasi ham «Soyuzmultfilm» litsenziyasi bilan Cheburashka qahramoni bilan bog‘liq mahsulotlar sotuvi bilan shug‘ullanayotganini aniqlaydi. Bu holat AQSH sudi tomonidan shartnomani buzish deb baholandi.
Sud «Soyuzmultfilm»ni shartnoma shartlarini buzgan deb topdi va LaRubInt Corp. kompaniyasiga yetkazilgan zararlarni qoplash majburiyatini yuklatdi. Bu bilan Rossiyaning mashhur studiyasi xalqaro maydondagi huquqiy mas’uliyatni yuzma-yuz qabul qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bilan birga, «Soyuzmultfilm» matbuot xizmati bu shartnoma avvalo avvalgi rahbariyat tomonidan imzolanganini va bu masala bo‘yicha Rossiyada tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Soyuzmultfilm» vakillarining fikricha, LaRubInt Corp. kompaniyasining asosiy maqsadi Yaponiya kompaniyalaridan royalti to‘lashni talab qilish bo‘lgan, mahsulot ishlab chiqarish emas. Shuningdek, LaRubInt ushbu harakatlarni studiyaning avvalgi rahbariyati bilan kelishilgan holda amalga oshirgani aytilmoqda.
Bu nizo tarixi 2005 yilda imzolangan bitimga ham borib taqaladi: o‘shanda studiya Yaponiyaning TV Tokyo Communications Corporation kompaniyasiga 2014 yilgacha Cheburashka obrazidan foydalanish huquqini bergan. Shartnoma muddati tugagach, rossiyaliklar uni yakunlangan deb hisoblagan, yapon tomoni esa avtomatik uzaytirishga ishongan.
Yuristlar ta’kidlashicha, AQSHdagi sud qarori Rossiyada amal qilish uchun alohida tan olinishi kerak. Agar bu qaror Rossiyada ham rasman kuchga kirsa, shundagina moliyaviy majburiyatlar amalga oshiriladi.
Biroq mutaxassislar fikricha, bu sud nizosi studiyaning Cheburashka obrazini litsenziyalash faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. «Soyuzmultfilm» kelgusida ham bu brend asosida mahsulotlar, filmlar va merchendayzing loyihalarini amalga oshirishda davom eta oladi.
Mazkur janjal fonida yana bir qiziq yangilik: Cheburashka haqidagi mashhur filmning ikkinchi qismi 2026 yil 1 yanvardan kinozallarda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu qahramon nafaqat bolalar uchun, balki kattalar dunyosida ham aktual obrazligicha qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib
Ctrl+Enter tugmasini bosing