"Garri Potter" haqidagi yangi serialning birinchi mavsumi 8 qismdan tashkil topadi. Bu haqda serialning suratga olish ishlari bilan shug‘ullanayotgan mashhur operator Adriano Goldman ma’lum qildi. U o‘z fikrlarini Braziliyaning Forbes nashriga bergan intervyusida bayon etdi, deb xabar berdi Peopletalk.
Goldmanning so‘zlariga ko‘ra, u birinchi va oxirgi ikki qismni suratga oladi. Umuman, serial ustida uch nafar operator-postanovshik ish olib bormoqda.
“Mening ranglar bilan alohida munosabatim bor. Rejissyor Mark Maylodga mening ish uslubim va ayniqsa ranglar haqidagi qarashlarim yoqqan. Fikrimcha, bu serial vizual jihatdan yanada yorqin bo‘lishi kerak”, – deydi Goldman.
2023 yil bahorida “Garri Potter” olamini qayta ekranizatsiya qilish rejalashtirilayotgani haqida rasman e’lon qilingandi. Loyiha HBO hamda HBO Max striming platformalarida namoyish etiladi. To‘liq serial yetti mavsumdan iborat bo‘ladi — har bir mavsum Joan Rouling qalamiga mansub kitoblar asosida yaratiladi.
Serialda bosh qahramonlar roliga ham yangi aktyorlar jalb etildi. Dominik Maklaflin — Garri Potter, Arabella Stenton — Germiona Greyndjer, Alaster Staut esa Ron Uizli obrazini gavdalantiradi.
Serial ustidagi ishlarda taniqli shaxslar ishtirok etmoqda. Ular orasida “Garri Potter” olamini yaratgan Joan Rouling, shuningdek, Franchesko Gardiner, Nil Bler, Rut Kenli-Letts (Brontë Film and TV) va Devid Xeyman (Heyday Films) kabi tajribali prodyuserlar bor.
Serialning ilk mavsumi 2027 yilda tomoshabinlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan. U HBO va HBO Max platformalari orqali namoyish etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!