Ozzi Osborn haqida hujjatli film suratga olinmoqda

Britaniyaning BBC telekanali Ozzi Osborn haqida "Ozzi Osborn: Uyga qaytish" nomli hujjatli film tayyorlamoqda. Filmda uning hayotining so'nggi yillari va shaxsiy fojialari, shuningdek, turmush o'rtog'i Sheron hamda farzandlari Jek va Kellining ishtiroki aks etadi. 2022 yili 10 qismli serial sifatida rejalashtirilgan loyiha keyinchalik hujjatli filmga aylantirilgan, uning aniq premera sanasi hozircha e'lon qilinmagan.
Dunyodagi eng taniqli rok qahramonlaridan biri — Ozzi Osborn haqida hujjatli film tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. Britaniyaning BBC telekanali "Ozzi Osborn: Uyga qaytish" (Ozzy Osbourne: Returning Home) nomli loyihani amalga oshirmoqda. Bu haqda Pravilamag nashri xabar berdi.
Filmda "qorong‘ulik qiroli" hayotining so‘nggi yillari va shaxsiy fojialari haqida so‘z boradi. Mazkur loyihada Osbornning turmush o‘rtog‘i Sheron, farzandlari Jek va Kelli ham faol ishtirok etmoqda.
Filmni tayyorlash g‘oyasi ilk bor 2022 yili paydo bo‘lgan. O‘shanda bu loyiha MTV telekanalida 2002–2005 yillarda namoyish etilgan mashhur "Osbornlar oilasi" realiti-shousining davomi sifatida 10 qismli serial ko‘rinishida rejalashtirilgan edi. Ammo keyinchalik bu serial hujjatli filmga aylantirildi. Hozircha uning aniq premyera sanasi e’lon qilingani yo‘q.
Ushbu hujjatli lentaning ishlab chiqarilishi bilan Clarkson's Farm loyihasi bilan tanilgan Expectation studiyasi hamda JOKS Productions Limited shug‘ullanmoqda. Filmning finali Ozzining faoliyatidagi eng ta’sirli voqealardan biri — Black Sabbath guruhining Birmingemda Villa Park stadionida o‘tkazilgan, o‘n soatdan ziyod davom etgan so‘nggi konsertiga bag‘ishlanadi.
Ma’lumki, Ozzi Osborn 2025 yil 22 iyul kuni 76 yoshida yurak xuruji (miokard infarkti) tufayli vafot etdi. Uning vatan shahri Birmingemda o‘tkazilgan vidolashuv marosimida oila a’zolari, do‘stlari, yulduzlar va minglab muxlislar ishtirok etdi. Tantanali tadbir chog‘ida Black Sabbath guruhining afsonaviy taronalari yangradi.






























Izohlar 0
…