date

"Cagongjok": Kafeni o‘quv xonasiga aylantirayotgan yoshlar muammosi

"Cagongjok": Kafeni o‘quv xonasiga aylantirayotgan yoshlar muammosi

Janubiy Koreyada “Cagongjok” deb ataladigan odat keng tarqalmoqda. Bu so‘z kafelarga kelib, kun bo‘yi o‘qiydigan yoki ishlaydigan yoshlarni anglatadi. Ular ko‘pincha bitta ichimlik buyurtma qilib, soatlab joy egallab o‘tiradi. Ba’zilari esa ikki noutbuk va katta ulagichlar olib kelib, butun kunlik “mini ofis” tashkil qiladi.

Kafelar egalari bundan shikoyat qilmoqda. Ularning aytishicha, ayrim mijozlar kun bo‘yi joyni band qilib, boshqalarga noqulaylik tug‘diradi. Shu sabab Starbucks Koreya yangi qoidalar joriy etdi. Endi xodimlar mijozlarga haddan tashqari jihozlar olib kelmaslik yoki bo‘sh joyni uzoq vaqt egallamaslikni eslatishi mumkin.

Bunga munosabat turlicha. Ba’zi odamlar bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblaydi, chunki kafelarda suhbatlashish yoki dam olish qiyinlashgan. Boshqalar esa buni ortiqcha cheklov deb biladi. Hatto ayrim mustaqil kafelar “No Study Zone” qoidalarini o‘rnatib, faqat suhbat va hordiq uchun sharoit yaratmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, bu odat tasodifiy emas. Yoshlar kuchli raqobat, ish topishdagi qiyinchilik va tor uy sharoitlari sabab kafelarda o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Ular uchun kafe nafaqat o‘qish joyi, balki erkinlik va yolg‘izlikdan qochish maskani hamdir.

Bugun Koreyada 100 mingga yaqin kafe mavjud. Mutaxassislar yoshlar uchun qulay, ammo boshqa mijozlarga ham noqulaylik tug‘dirmaydigan muhit yaratish zarurligini aytmoqda. Shu yo‘l bilangina kafe egalari va “Cagongjok” o‘rtasida muvozanat topilishi mumkin.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » "Cagongjok": Kafeni o‘quv xonasiga aylantirayotgan yoshlar muammosi