date

Qirg‘izistonda go‘zallik tanlovi g‘olibasi aniqlandi

Qirg‘izistonda go‘zallik tanlovi g‘olibasi aniqlandi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 24-sentyabr kuni mamlakatning eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri – “Miss Qirg‘iziston” milliy go‘zallik tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtining eng chiroyli, iste’dodli va aql-zakovatli qizlari ishtirok etdi. Bu haqda 24.kg nashri ma’lum qildi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, “Miss Qirg‘iziston – 2025” unvoniga Ayana Rasul qizi sazovor bo‘ldi. Uning qo‘liga toj bilan birga 200 ming som (taxminan 28 million so‘m) qiymatga ega sertifikat ham topshirildi.

Ayana o‘z g‘alabasini izohlar ekan, quyidagicha fikr bildirdi:

“Ayollar doim o‘z kuchiga ishonishi kerak. Mehnat, sabr-bardosh va Vatanga bo‘lgan muhabbat har doim muvaffaqiyatga olib keladi”.

Hakamlar hay’ati asosiy g‘olibadan tashqari yana uch nafar ishtirokchiga Gran-pri unvonini ham berdi:

Anora Esongaldiyeva — “Miss Kyrgyzstan Universe”, u Qirg‘iziston sharafini “Miss Universe” sahnasida himoya qiladi.

Madina Ermekova — “Miss Kyrgyzstan Grand International”, u “Miss Grand International” finalida ishtirok etadi.

Syuzanna Umetova — “Miss Kyrgyzstan International”, u esa “Miss International” tanloviga yo‘llanma oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, g‘oliba Ayana Rasul qizi mashhur xonanda Aygerim Rasul qizining singlisi va Qirg‘iziston xalq artisti Rasul Mamatqulovning qizi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Rossiyada turmush qurgan ayollar o‘rtasida 25-umumrossiya go‘zallik tanlovi — “Missis Rossiya – 2025” bo‘lib o‘tgan va unda Magnitogorsk shahrida yashovchi 37 yoshli Yekaterina Semenova g‘olib deb topilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qirg‘izistonda go‘zallik tanlovi g‘olibasi aniqlandi