Gollivud yulduzi Jeki Chan yana bir afsonaviy filmining davomini suratga olishga tayyorlanmoqda. Qozog‘istonning Salem Entertainment studiyasi ma’lum qilishicha, mashhur aktyor “Xudo zirhi” (“Armor of God”) franshizasining to‘rtinchi qismini aynan Qozog‘istonda suratga oladi.
Studiyaning ma’lumot berishicha, sentyabr oyi oxirida Jeki Channing Olmaotaga tashrifi yangi film — “Xudo zirhi: Ultimatum” uchun joy tanlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
“Biz Jeki Channing Olmaotadagi nufuzli tashrifi haqida rasman ma’lum qilamiz. Millionlab muxlislar sevgan kult filmning yangi qismi Qozog‘istonda suratga olinadi”, — deyiladi studiya bayonotida.
Ma’lum qilinishicha, filmning asosiy suratga olish ishlari Qozog‘iston hududida o‘tkaziladi. Hozircha ssenariy va ishlab chiqarish haqidagi boshqa ma’lumotlar oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, franshizaning ilk qismi 1986 yilda, ikkinchisi 1991 yilda, uchinchi qismi esa 2012 yilda (“Armor of God 3: Zodiac”) ekranga chiqqan. Ushbu barcha loyihalarda Jeki Chan rejissyor va bosh qahramon sifatida ishtirok etgan.
Joriy yilning bahorida aktyor “Rush Hour” (“Oshqin soat”) komediyasining davom filmida ham qatnashish ehtimolini ma’lum qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!