Izzatilla Shukurov “Milliy iftixor” mukofotiga sazovor bo‘ldi (video)

Xonanda Izzatilla Shukurov “Milliy iftixor” mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu quvonchli yangilikni san’atkorning otasi — Tojivoy Shukurov o‘zining Instagram sahifasi orqali ma’lum qildi.
E’lon qilingan videolardan ko‘rinishicha, Izzatilla ushbu xushxabarni eng avvalo otasiga yetkazish uchun uning yoniga borgan. U tantanali ravishda qo‘lga kiritgan mukofotini otasiga ko‘rsatib, hayajon bilan: “Bularning barchasi sizniki. Sizning mehnatingiz va sabringiz sharofati bilan”, — deya ta’kidladi.
Otaning quvonchi cheksiz edi. Tojivoy Shukurov o‘g‘lining shunday yuksak mukofotga munosib ko‘rilganidan g‘oyat xursand ekanini bildirib, ushbu e’tirof butun oila uchun faxr ekanini aytdi. Shuningdek, u o‘g‘liga bundan-da balandroq marralar, yanada yuksak mukofotlar nasib etishini tilab, samimiy tabriklarini yo‘lladi.
Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lib, ko‘plab muxlislar Izzatilla Shukurovni ushbu yutuq bilan qizg‘in tabriklamoqda.