Ahad Qayum yangi soliq qonunini keskin tanqid qildi

Ahad Qayum yaqinda qabul qilingan soliq haqidagi qonun yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. U intervyularidan birida jurnalistning ushbu qonun haqidagi savoliga javob berar ekan, yaqin kunlarda bu borada alohida videomurojaat qilishini ham ma’lum qildi.
San’atkorning fikricha, mazkur qonun ayrim jihatlari bilan bahsli hisoblanadi. “Menimcha, bu qaror to‘g‘ri emas. Bugungi kunda tekin xizmat qiladigan, daromadi yetarli bo‘lmagan san’atkorlar juda ko‘p. Ularning orasida hatto o‘z uyiga, mashinasiga ega bo‘lmagan, topgan puli kundalik ehtiyojlariga zo‘rg‘a yetadiganlari ham bor”, — deya ta’kidladi u.
Ahad Qayum, shuningdek, sahnadagi ko‘rinish bilan san’atkorlarning real hayoti o‘rtasida katta tafovut borligiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, tomoshabinlar san’atkorni har doim chiroyli va dabdabali ko‘rinishda ko‘rishni istaydi. Shu sababli ko‘plab ijodkorlar tashqi imijni saqlashga majbur bo‘ladi, biroq ularning haqiqiy hayoti bunday tasavvurdan ancha farq qiladi.
So‘z yakunida xonanda Qonunchilik palatasi vakillariga murojaat qilib, qonunlar qabul qilinishidan avval keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishini taklif qildi. “Qonun chiqarishdan oldin uni muhokamaga qo‘yish, soha vakillarining fikrini eshitish muhim, deb o‘ylayman”, — dedi u.
Mazkur bayonot ijtimoiy tarmoqlarda ham faol muhokama qilinmoqda va turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!