Eje Irtem nimadan vafot etgani rasman ma’lum qilindi

Turkiyaning mashhur «Qizil sharbat» serialida Ishil obrazini gavdalantirgan aktrisa Eje Irtemning kutilmagan vafoti yuzasidan yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Ilk xulosalarda uning o‘limi yurak xuruji bilan bog‘langani aytilgan bo‘lsa, keyingi sud-tibbiy ekspertiza natijalari bu taxminni inkor etdi.
Turk ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, 35 yoshli aktrisa 15 iyun kuni ertalab o‘zini yomon his qilgan. O‘sha vaqtda uning yonida onasi bo‘lgan. Voqea joyiga chaqirilgan tez tibbiy yordam xodimlari zarur reanimatsiya choralarini ko‘rganiga qaramay, aktrisaning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Dastlabki sud-tibbiy tekshiruvda o‘lim sababi yurak xuruji sifatida qayd etilgan edi. Keyinchalik esa aktrisaning advokati prokuraturaga murojaat qilib, Eje Irtem Tailandda sayohat vaqtida maymun hujumiga uchraganini ham tergov doirasida inobatga olishni so‘ragan. Huquqshunosning fikricha, hayvon tishlashi ham o‘limga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin edi.
Biroq 8 iyul kuni advokat Ug‘ur Go‘kkoyun sud-tibbiy ekspertizaning yakuniy xulosasiga tayanib, aktrisaning vafotiga spirtli ichimlikdan zaharlanish sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlar Eje Irtem voqea sodir bo‘lgan kuni kechqurun onasi bilan uchrashishidan avval spirtli ichimlik iste’mol qilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bu ma’lumot jamoatchilikka rasmiy xulosalar asosida taqdim etilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda aktrisa vafotidan oldin onasi bilan bo‘lgan qahvaxona xodimining guvohligi ham tarqalgan. Uning aytishicha, Eje Irtem onasidan yashirin holda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Ammo aktrisaning advokati mazkur ma’lumotga rasmiy izoh berishdan tiyildi.
Shu tariqa, turk kinosan’ati muxlislarini larzaga solgan ushbu fojiali voqea yuzasidan o‘limning ehtimoliy sababi sifatida yurak xuruji emas, balki spirtli ichimlikdan zaharlanish ko‘rsatildi.






























Izohlar 0
…