12:07 / 15.05.2017
7 241

Hosila Rahimova Shahzoda, Rayhon yoki Lola bilan duet kuylashi mumkinmi?

Hosila Rahimova Shahzoda, Rayhon yoki Lola bilan duet kuylashi mumkinmi?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila RAHIMOVA qaltis savollarimizga qanday javob bergani sizlarga ham qiziq bo‘lsa, ajabmas...

1. Bir yili konsertingizda yupqa va sumalak taomlarini tashrif buyurgan har bir muxlisga tarqatgandingiz. Bu qarorga kelishga nima sabab bo‘lgan va nega buni keyingi konsertlaringizda an’anaga aylantirmagansiz?
— Xotirangizga qoyilman. Haqiqatda ko‘chaga o‘tov qurdirib, muxlislarni karnay-surnay sadolari bilan kutib olganmiz. Va Surxondaryodan tayyorlab keltirilgan sumalak va surxondaryolik momolar pishirgan yupqa taomini tarqatgandik. Xorijliklar “O‘zbekning mehmondo‘stligini namoyon qiluvchi konsert bo‘libdi”, deya e’tirof etishgandi. Bilasiz, bahor aynan Surxondan boshlanadi. Shu ma’noda vohaning qizi sifatida tomoshabinlarni xonanda emas, mezbon bo‘lib kutib olishni lozim topganman. Biroq tozalik borasida “Istiqlol” san’at saroyining belgilangan qonun-qoidalari bor. Tashrif buyurganlarning hammasi ham bunga rioya qilmagani bois yangiligimni an’anaga aylantirolmadik. Agar konsert zal ma’muriyati ruxsat bersa, albatta, boshlagan ishimni davom ettirardim.

2. Ikki yilda bir marta muxlislarini “Istiqlol” san’at­ saroyiga jam qiladigan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova nega to‘liq jonli ijroda konsert berolmaydi?
— Folklor qolipga solib bo‘l­maydigan yo‘nalish. Shu bois rejissyor ham “Falon qo‘shiqda unday harakat qilasiz, bunday raqs tushasiz”, deya ko‘rsatmalar bermaydi, (kulib) jinim tutib qolganda jo‘shib raqs tushib, hansirab qolishim natijasida tomoshabinning g‘ashiga tegadigan holat bo‘lmasligi uchun ham ayrim bloklarda fonogrammadan foydalaniladi.

3. Ukangiz Abdumannon Rahimov, kuyovingiz Bahriddin Zuhriddinov: ijod taraflama qay biri ustun?
— Fikrimni kuyovini tarafini olishga yo‘ymang-u, tan olib aytish kerak, ijodiy ustunlik Bahriddinjonda. Ikki marta konsert taqdim etdi. O‘ziga xosligi ukam men singari folklor yo‘nalishda ijod qiladi. Lekin erinchoqlik qildi yo poytaxtni zabt etishga cho‘chidi. Bahriddinjon esa zamonaviy estradada o‘z “men”ini topib ulgurgan o‘ziga xos uslub egasi.

4. Hosila Rahimova folklor emas, zamonaviy estradada ijod qilganida bugungi darajaga chiqa olarmidi?
— Zamonaviy estradada balki bugungi darajamga erishmagan bo‘lardim. Lekin aynan folklor bilan tanilganim — tanlovim xato bo‘lmaganidan darak.

5. Shahzoda, Munisa Rizaeva, Lola Yo‘ldosheva, Rayhon G‘anieva. Qay biri bilan duet ijro etardingiz?
— (Jilmayib) Har biri bilan bajonidil duet ijro etgan bo‘lardim. Munisaning ijodi menikiga yaqin, ba’zi qo‘shiqlarida folklorning nafasi bor. Lola ta’sirli qo‘shiqlari bilan hamisha meni lol qoldirib kelgan. Shahzoda nafisligi bilan ajralib turadi, o‘ziga xos ijod egasi. Rayhonning sahnadagi harakatlari rom qilgan. Juda qiziq qirralarga ega xonandalarni sanadingiz. Haqiqatda ular estrada, men folklor yo‘nalishida kuylasam, o‘zgacha uyg‘unlik hosil bo‘lardi.

6. “Toshkentlik xonanda­lar restorandagi to‘y­lar­gagina boradi. Men esa shahargami, qishloqqami to‘yga aytishsa, boraveraman, degandingiz. Bu tanqid “tosh”lari poytaxtdagi to‘ylarda deyarli yo‘qligingiz uchun otilyaptimi yo soxta kamtarlik qilyapsizmi?
— Hech qaysi hamkasbimga “tosh” otmaganman. O‘shanda “Biz ham Hosilani ko‘raylik”, deya sahnani to‘sib qo‘ygan bolalarga otilgan kesak tasodifan menga tekkan. Muxlis ajratmay kelganimga rahmatinglar shumi, deya jahl ustida siz ta’kidlagan gapni aytganman. O‘shanda sog‘ligim yomonligiga qaramay, muxlis istagini bajarish uchun bir to‘yga borgandim. Soxta kamtarlik qilmayapman, bu haqiqat. Reytingi baland istalgan xonandaga jurnalist emas, muxlis sifatida qo‘ng‘iroq qilib, “Dalada to‘y qilayotgandik, qatnasha olasizmi?” desangiz, rad javobini olasiz. Bu ayrim hamkasblarimga “tosh” otish emas, haqiqat, xolos.

7. “Roksana” qo‘shig‘ingizni nazarda tutib, “Rus tilida qo‘shiq kuylashim uchun talaffuzim kamchiliksiz bo‘lishi va bu tilni yuz foiz bilishim shart emas“, degandingiz. Bundan chiqdi, ko‘plab rusiyzabon xonandalarning o‘zbek tilidagi qo‘shiqlarini maroq bilan tinglarkansiz-da?
— O‘zbek xonandasi tarixni folklor yo‘nalishning chizgilari bilan kuylayotganini bildirish uchun ham o‘z shevamda kuylaganman. Rusiyzabon xonandalarning ijod namunasi zo‘r bo‘lsa, bajonidil tinglayveraman. Hatto, bu haqda o‘zlariga ham tan olib aytishdan uyalmayman.

8. Kurash, ko‘pkari haqida qo‘shiqlar kuylagansiz. Nega millionlar o‘yini bo‘lmish futbol yo boks haqida qo‘shiq kuylab, stadion, ringda klip suratga oldirmaysiz?
— (Miriqib kuladi). Sizga qoyilman, zo‘r g‘oya berdingiz. Buni albatta, rejamga kiritib qo‘yaman. Futbol o‘ynab, boks tushib qo‘shiq kuylashdan uyalmayman. Chunki sportchilarimizni ruhlantiradigan qo‘shiq chiqishiga ishonaman.

9. Labingizni ba’zi yosh xonandalarnikidek o‘zgar-tirganingizdan ke­lib chiqsak, tabiat bergan go‘zallikdan qoniqmadingizmi?
— (O‘ylanib, jahl bilan) Nima meni yosh xonandalar qatoriga qo‘shmaysizmi? Yosh buviman, ayolman! Shunday ekan, hamisha go‘zal ko‘rinishga intilaman. Haqiqatda labimning shaklini o‘zgartirdim. Bu tabiat bergan husnimdan qoniqmadim, degani emas. Kosmetologlar tavsiyasiga quloq tutgandim, xolos. Bilasizmi, 2004 yilda qovoq sohasida plastik jarrohlik qildirganimni ham sira yashirmayman. Shunchaki, go‘zalligimga urg‘u berishga harakat qilgandim, xolos.

10. Maxsus savol! Gulbahor Erqulova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
— Ijodni mumtoz qo‘shiqlar bilan boshlagandingiz, keyin yo‘nalishingiz o‘zgardi. Nazarimda, sof folklorda o‘z “men”ingizni topish uchun ham mumtoz qo‘shiqlarga murojaat­ qilgansiz-a?

— Folklor xonandasi bo‘lish bolalik orzuim edi. To‘g‘ri, ijodni mumtoz va folklor yo‘nalish bilan boshladim va san’atga o‘z “men”im bilan kirib keldim. Kimgadir taqlid qilmay, unutilayotgan sheva, urf-odatlarimizni qo‘shiqda “jonlantirdim”. Muxlislar Hosilani folklor xonandasi sifatida qabul qiladi, bu men uchun faxr!

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Hosila Rahimova Shahzoda, Rayhon yoki Lola bilan duet kuylashi mumkinmi?