Leonardo da Vinchi mo‘yqalamiga mansub butun dunyoga mashhur “Mona Liza” kartinasi besh asrdan ko‘proq vaqtdan beri o‘z yaratilish tarixini sir saqlab keladi. Rassom uni polotno ustida, hatto safar-sayohatlari paytida ham undan ajralmagan holda, rosa 15 yil ishlagan. Bu davr mobaynida Leonardo “sfumato” texnikasini takomillashtirgan bo‘lib, mazkur texnika polotnoda yengillik, fazoviylik ta’sirini singdiruvchi minglab nozik chizgilarni tasvirlashni anglatadi.
Butun dunyo olimlari to hanuz “Jokonda” tabassumi ortida nima yashiringanini bilish ustida bosh qotiradilar. So‘nggi paytlarda minglab farazlar ilgari surildi, ammo ulardan hech biri nima uchun “Mona Liza” kartinasi 500 yildan so‘ng ham o‘z sirlarini ochishni istamayotganini tushuntirib berolmadi.
BUYuK DAHOMI YoKI ULKAN XAYoLPARAST?
Leonardo da Vinchi (1452-1519) – sirli musavvir va olimlardan biri. Shu bilan birga, “Mona Liza” jumbog‘ini echishni istovchilarning yangi-yangi topilmalari paydo bo‘lgani sari asrlar mobaynida musavvir shaxsiga bo‘lgan qiziqish olovi aslo so‘nmaydi, bil’aks, yangicha kuch bilan yolqinlanaveradi.
Polotnoda aslida kim tasvirlangani haqidagi taxminlar ming-minglarcha, ammo bular kartinaning yaratilish tarixiga oid sirni oshkor qilolmaydi. Bu sir jozibasining umri boqiyga o‘xshaydi. Nima uchun? Bu xususda biz keyinroq so‘z yuritamiz, hozir esa Leonardo shaxsi haqida bir-ikki og‘iz so‘zlashga to‘g‘ri keladi.
Rassom atrofidagi reallikni, haqiqiy holatni kuzatishni xush ko‘rardi. U diqqatga sazovor nimaiki ko‘rsa, belgilab boradigan yon daftaridan sira ayrilmasdi. Yaxshi taraqqiy etgan ichki kuzatuvchanlik, ilmning turli-tuman sohalaridagi chuqur bilimi tufayli Leonardo shunday xulosaga keladi: bir butun bo‘lib ko‘rinayotgan har bir narsa-buyum aslida qismlardan, parchalardan iboratdir, bu parchalar esa mutanosiblik deb ataladigan ma’lum qonun asosida bir butunga aylanadi.
Go‘zallik, tabiat va uyg‘unlik – bu Yaratganning ulug‘ qonuni bilan bog‘liq yaxlit tushuncha. Olamdagi barcha narsalar – gulbargdan tortib olis yulduzlarga qadar ayni shu qoidaga ko‘ra yaratilgan. Bu qonunni raqamlar tilida ifodalash ham mumkin, uni ishga solish esa go‘zallik va uyg‘unlikka erishish kalitidir.
Leonardo da Vinchi o‘z izlanishlarida Qadimgi Misr, Yunonistonda ma’lum bo‘lgan va san’atning turfa asarlarida keng qo‘llangan “Oltin kesim yoki ilohiy nisbat”ga juda-juda yaqinlashib qolgandi.
“JOKONDA”NING SIRI NIMADA?
Leonardo da Vinchi nafaqat musavvir, balki matematik ham edi. Butun umri davomida u san’atni raqamlar bilan bog‘lashga urindi. O‘z asarlarida Fibonachchining raqamlar tadrijiyligi deb nomlangan belgilardan foydalandi.
Piza shahrida 1200 yillarda yashagan Fibonachchi ko‘plab traktatlar yozgan va matematikada anchagina jiddiy kashfiyotlar qilgandi. Jumladan, u 0, 1, 1, 2, 3, 5, 8, 13, 21, 34, 55, 89… kabi sonlar tadrijiyligini ham tushuntirib bergan va bu qoida keyinchalik uning nomi bilan atalgan. Bu tadrijiylikda har bir yangi raqam o‘zidan avvalgi ikki sonning miqdori bilan teng. Ammo eng qizig‘i, boshidan boshlab chiqarib tashlanganida, oxirgi ikki sonning (55/34 yoki 89/55) bo‘linish miqdori oltin kesimga yaqin keladi: 1.618.
Buning ma’nosi shundaki, to‘g‘riburchak ikki tomonining o‘zaro nisbati 1.618 ga teng, shuningdek, to‘g‘riburchakning bir tomoni ikkinchisidan 61.8 foizga uzunroq bo‘lishi kerak. Darvoqe, Leonardoning “Sirli oqshomlar”, “Harakatdagi odam”, “Mona Liza” va boshqa mashhur asarlarida ayni shunday to‘g‘riburchak va uchburchaklardan foydalanilgan.
Shunisi hayratlanarliki, bu raqamlar tabiatda tez-tez uchrab turadi. Misol uchun, liliyaning tojbarglari soni 3 ga teng; tojbarglar ayiqtovon va yovvoyi atirgulda 5 tadan; ayiqtovondoshlar oilasida – 8 ta; sariqboshda – 13 ta; qo‘qongulda – 21 ta; zubturumda – 34 ta; dastorgulda – 55 ta. Va bunga o‘xshash misollar ko‘plab topiladi. Bu raqamlar alohida ma’no-mazmunga molik, shuning uchun butun koinot ular bilan qoplangan. Shu bois ham Leonardo da Vinchining ko‘plab kartinalari shu tamoyilga ko‘ra ishlangan.
“Mona Liza” – Leonardoning musavvir sifatidagi eng yuksak yutug‘i, uning karerasida o‘ziga xos cho‘qqi. “Mona” nomi – “Madonna” so‘zining qisqartmasi, “my lady”, ya’ni “xonim afandim” ma’nosini anglatadi. Kartinaning yana bir nomi – “Jokonda” esa polotno qahramonining eri — Francesco Giosondo degan boy ipak savdogari familiyasidan olingan, bu rasmiy ma’lumot bo‘lsa-da, biroq hech qanday isbotga ega emas. Ayrim tadqiqotchilar kartinada begunoh ayol qiyofasida tasvirlangan Leonardoning o‘zini ko‘radilar.
Bu sirli tabassumli ayol kim bo‘lmasin, ayni vaqtda uning shaxsiyati emas, balki kartinaning yaratilish texnikasi muhim. Sohibjamol Jokonda portreti va uning tabassumi o‘zida oltin kesmalarning butun boshli to‘plamini jamlagan. Bundan tashqari, yuz va qo‘llar shakli tengyonli uchburchakni hosil qiladi, ayolning yuzida oltin to‘g‘riburchak g‘oyatda ravshan chizilgan. Yana biri esa o‘ng qo‘l barmoqlaridan chap qo‘l tirsagiga o‘tadi va ayolning boshigacha boradi.
Kartinada chizilgan to‘g‘ri proporsiyalar va matematik figuralar uni noyob san’at asariga aylantirgan.
BO‘YoQ QATLAMI OSTIDA YaShIRINGAN NOMA
Ayrim tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, kartinadagi bo‘yoq qatlami tagida yana bir nechta tasvir yashiringan. Ehtimol, rassom shunchaki mashq qilgandir, ammo olimlarning aksariyatining ishonchi komilki, bu harakat ma’lum bir maqsad bilan amalga oshirilgan: Leonardo bo‘yoq tagiga rasmiy fanga hali ma’lum bo‘lmagan timsol va belgilarni yashirgan.
“Nyu-yorklik bir grafika dizayneri ulardan bir nechtasining tagiga eta oldi”, deb yozadi “DailyMail” nashri. Shunday qilib, ekspertning qayd etishicha, agar kartinani yonboshga burib qaralsa, uch jonivor – bo‘yvol, sher va maymun tasviri ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, pastki burchakda qushni ham ilg‘ash mumkin. Agar bu tasvirlarga Qadimiy Bilimlar nuqtai nazaridan yondashilsa, odamning 4 mohiyati haqidagi g‘aroyib ma’lumotlar kelib chiqadi.
Ammo bular “Mona Liza” portreti o‘zida yashirgan sirning hammasi emas. Tadqiqotchilar uning jumbog‘ini echishga qanchalik ko‘p urinsalar, ko‘z o‘ngilarida shuncha ko‘p sir namoyon bo‘la boshlaydi. Masalan, I. Ladov (Lipatov) echilmagan jumboq tubiga chuqurroq nazar tashlash yo‘lida amalga oshirgan navbatdagi urinishida quyidagilarni aniqladi:
“Bir kuni men Mona Liza ortidagi peyzaj tugagan joyida ikkinchi bir tarafda yana davom etadiganday tuyulishiga e’tibor berdim. Agar suratning ikkita nusxasi yonma-yon qo‘yilsa, men avvaliga shunday ham qilib ko‘rdim, bu xususiyat sezilmaydi. To‘liq o‘xshashlik yo‘q edi, ammo bir nusxada tugagan manzara ikkinchi nusxada davom etayotganga o‘xshashi mening e’tiborimni tortdi. Bunga men nusxalarni bir-biridan biroz uzoqlashtirganimda va bu g‘aroyib xususiyat darhol ko‘zga ravshan tashlanganida yanada ko‘proq amin bo‘ldim”.
Igor Ladovning ishonchi komilki, bunday yopiq, tutash manzarani aks ettirish orqali rassom olamning abadiy harakati, cheksizligi, spiralsimon tuzilishini ifodalashni ko‘zda tutgan.
Yana bir qiziqarli jihat shundaki, Italiya madaniy meros milliy qo‘mitasi prezidenti Silvano Vincheti Mona Liza ko‘zlarida mitti-mitti harf va raqamlarni aniqladi. O‘ng ko‘z qorachig‘ida “LV” harflari yoki shartli ravishda musavvirning o‘zini anglatuvchi “L2” belgisi joylashgan. Chap ko‘z qorachig‘idagi alomatlarni anglash, tushunishning imkoni bo‘lmagan. Aytgancha, bu bunday voqealarning birinchisi emas. Shunga o‘xshash belgi-alomatlar Gvadelupe Mariyasining bemisl tasvirida ham topilgandi.
MUQADDAS AYoLLIK IBTIDOSI TIMSOLI
Ehtimol, portretda muayyan bir xonim emas, muqaddas ayollik ibtidosining o‘ziga xos timsoli – Allata tasvirlangandir? Balki shu sababli ham polotnoga boqqanda ayrimlar quvonch tabassumini, boshqa birovlar kiborona jilmayishni, uchinchi toifa kishilar esa istehzoli kulgini ko‘rar? Yo bo‘lmasa, Mona Lizani inson ichki dunyosini ifodalagan o‘ziga xos timsol, deyish to‘g‘riroqdir?
Florensiyalik mo‘yqalam ustasi butun umrini ideal mutanosiblikni izlashga sarfladi – u Xudoning tashqi dunyodagi aksi namoyonini ko‘rishga intilib, Yaratgan haqidagi bor bilimga ega bo‘ldi. “Mona Liza” kartinasi shu yo‘ldagi izlanishlarning o‘ziga xos timsoli edi. Musavvir bu surat ustida 15 yil davomida ishladi, undan bir lahza ham ayrilmadi. O‘z ustaxonasida u anglashga xalal beradigan barcha shart-sharoit va andazalarni bir chetga surib qo‘ydi va butun qalbi bilan ishladi. Yana bir taxmin ham borki, Leonardo ruhiy takomilga etgan va shuning sharofati bilan fizik moddiyat chegaralaridan chiqa olgan, kelajakni-da ko‘ra olgan. Keng tafakkur holatida turgan musavvir yashirin ruhiy bilimlar sohibiga ham aylandi.
Tarixchilar ta’kidlashadiki, Leonardo da Vinchi ayol ibtidosining maftuni, Ona Ma’buda kultining targ‘ibotchisi edi. Balki shuning uchun ham uning “Jokonda”si shu qadar jozibali va sirli jilmayganicha, o‘z yaratilishining tarixini besh asrdan beri yashirib kelmoqdadir.
Muallif: Olga ChYoRNAYa.
Rus tilidan Xurshida ABDULLAEVA tarjimasi.
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi