8 521
Jasur Umirov osmonga qarab kuylashi, ko‘p ma’mur almashtirishi va kuzda uylanayotgani haqida
Jasur Umirovni biroz qo‘rs va dimog‘dor deyishadi. Ammo ko‘nglini topa olsangiz, undan yaxshigina suhbatdosh chiqishi mumkin.O‘z qarashlari, dunyosi va haqiqati bor xonanda "Darakchi" gazetasi uchun intervyu berdi.
— Jasur, suhbatimizni siz haqingizdagi so‘nggi gap-so‘zlarga aniqlik kiritishdan boshlasak...
— Men haqimda yana qanday gap eshitdingizlar (kuladi)?
—Aytishlaricha, to‘y yaqin ekan...
— To‘g‘risini ayting, qanday qilib hamma narsadan boxabar bo‘lib yurasiz-a? Sizlardan hech narsani sir saqlab bo‘lmaydi-ya (kuladi). Nima bo‘lganda ham qoyil, bu xabarni hatto yaqinlarimizga ham aytmagandik. Faqat oilaviy kelishib, onam sovchilikka yurganlari rost.
— Demak, taxminlarimiz rost ekan-da...
— Ochig‘ini aytsam, ikki-uch yildan buyon uylanish haqida jiddiy bosh qotirib yurgandim. Ammo, to‘g‘risi o‘zimga ma’qul keladigan qiz topolmayapman. Lekin onam menga bergan muddat tugay deyapti, injiqlik qilmasdan tezroq qaror qabul qilishim kerak. Ya’ni shu yilning kuzida uylanaman.
— To‘y oylari aniq ekan, demak, qiz ham topilgan, nega yashiryapsiz?
— Bu haqida to‘liq gapirmayotganimga birgina sabab — o‘zimiz ham aniq xulosaga kelganimiz yo‘q. Sovchilikka bordik, qizni ko‘rdik, hozir u tomonning javobini kutyapmiz.
— Jasur Umirov urf-odatlarimizga xos, sovchilar orqali umr yo‘ldosh tanlar ekan-da?
— Haqiqiy muhabbat to‘ydan keyin bo‘ladi, deb bejizga aytishmagan-ku. Biroq shunday bo‘lsa ham birinchi o‘rinda o‘zimning ko‘nglimga quloq tutaman. Onam menga ko‘rsatgan qiz, albatta o‘zimga ham yoqishi shart. Agar yuragim jiz etsa, bo‘ldi. Masala hal! Men tanlagan qiz xoh chiroyli, xoh xunuk bo‘lsin, birinchi o‘rinda o‘zimga yoqishi kerak. Hayotda, tashqi ko‘rinish birinchi o‘rinda emas, deb bilaman.
— Ijodingiz haqida ham gaplashsak. So‘nggi ikki-uch yildan buyon taqdim etayotgan konsert dasturlaringiz tanqidlarga uchrayapti...
— Odamlarning fikrlari o‘zimga ham etib keldi. Lekin men ham har bir ijodkor kabi doim yaxshi ishlashga harakat qilaman.
— Siz haqingizda “Konsertga tayyorgarliksiz chiqadi” degan gaplar ko‘p bo‘ldi. Shularni inobatga olsak, balki, o‘zingizda mas’uliyat kamaygandir...
— Bir yil oldingi konsertimga, haqiqatdan ham kam repetisiya qilgandim. Sababi, o‘shanda viloyatlardagi uchrashuv va xizmatlarga chalg‘ib, tayyorgarlikka vaqtim etmagan. Va bundan o‘zim ham juda afsuslanganman. Tomoshabinlar oldida uyalib qolgandim, o‘shanda. Ammo bu yilgi dasturda barcha kamchiliklarni bartaraf etish harakatidaman. Rejamizga ko‘ra, noyabr oyida konsert beraman.
— So‘nggi vaqtlarda yordamchi va ma’murlarni ko‘p o‘zgartiryapsiz...
— Ming afsus, “administrator” deganlari sodiq bo‘lmas ekan. Ishni boshida o‘zini yaxshi ko‘rsatib, qo‘liga pul tushsa, boshqa odamga aylanib qolishadi. Yoki menga faqat shundaylari uchrayaptimi, bilmadim. Xullas, ijodimni boshlaganimdan beri beshta ma’mur almashtirdim, chog‘i.
— Bugun ko‘pgina hamkasblaringiz, akasi, ukasi bilan hamkorlik qiladi. Nega siz akangiz bilan ishlamaysiz?
Bu taklifni akamga juda ko‘p marta aytganman. Ammo u men bilan ishlashni istamaydi. “Ko‘cha-kuyda seni ortingdan turli gap-so‘zlarni eshitsam, o‘zimni tutib turolmayman. Sen bilan ishlasam, ularga yana bir qadam yaqin bo‘lib qolaman. Keyin esa muammo ko‘payadi” deydi doim.
— Qo‘shiqlaringiz yengil mavzularda bo‘lsa ham yoshlar orasida tez ommalashadi. Buning siri nimada deb o‘ylaysiz?
— Bilasizmi, qo‘shiqlarimda murakkab mavzularni emas, ayni vaqtda xalq orasida yurgan gap-so‘zlarni kuylashga harakat qilaman. Balki shuning uchun ham yoshlarga yoqayotgandir... Bundan tashqari zamonaviy musiqadan hadeb jiddiylik axtaraverish ham to‘g‘ri emas. Hayotda shundoq ham muammolar ko‘p. Biz esa qo‘shiqlarimiz bilan ularni chalg‘itib, odamlarga yaxshi kayfiyat berishimiz kerak.
— Ijodingiz davomida umuman duet qo‘shiq kuylamagansiz. Nega?
Birov bilan hamkorlikda ishlashni yoqtirmayman. Balki yillar o‘tib meni “O‘zbek shou-biznesida bir marta ham duet kuylamagan xonanda” deb tilga olishar. Chunki kelajakda ham hech kim bilan duet kuylash niyatim yo‘q. (kuladi).
— Yillar o‘tgandan keyin ham o‘zingizni shu sohada ko‘ra olyapsizmi?
— Albatta, hatto hozirgi yo‘nalishda kuylashimni ham bilaman. Faqat qo‘shiqlarim yoshimga mos, jiddiy, mavzularda bo‘ladi.
— Bugun aksariyat hamkasblaringiz san’atdagi faoliyatidan tashqari qo‘shimcha daromad manbaini ham yo‘lga qo‘ygan. Sizni ular qatoriga qo‘shishimiz mumkinmi?
— Shu kungacha san’atdan boshqa biror sohada o‘zimni tasavvur etib ko‘rmaganman. Ammo kelajakda qo‘shimcha ish ochish niyatim yo‘q emas. Kelajakda kichikroq prodyuserlik markazi ochib, yosh xonandalarni qo‘llab-quvvatlash niyatim bor.
— TV, radio yoki gazetalarga intervyuga chaqirishganda birinchi bo‘lib xayolingizdan nimalar o‘tadi?
— O‘zim muxlis bo‘lib san’atkorlarning intervyularini maroq bilan o‘qigan paytlarimni eslayman. “10-15 yil avval, men ham uyda san’atkorlarning suhbatlarini o‘qib, havas qilardim. Bugun esa o‘zim ular kabi bo‘ldim, orzularim ushaldi” degan o‘ylar o‘tadi. Shuning uchun ham imkoniyatim va vaqtim bo‘lsa, albatta jurnalistlar bilan uchrashaman.
— O‘sha paytda hamkasblaringizdan kimning intervyusi yodingizda qolgan?
— Jahongir Otajonovning gaplarini hali-haligacha eslayman. O‘shanda “Konservatoriyada mendan yaxshi kuylaydigan talaba yo‘q” deb maqtangan edi. O‘ziga bo‘lgan ishonchning kuchliligi meni qoyil qoldirgan.
— Har bir insonda biror-bir narsadan uyalish hissi bo‘ladi. Ya’ni, kompleks. O‘zingizda shu holatni kuzatganmisiz?
— To‘y va xizmatlarga kirib kelishga juda uyalaman. Hammaning e’tibori menda ekanini sezsam, o‘zimni qo‘yishga joy topolmay qolaman. Shuning uchun to‘y, konsert va tadbirlarda, ko‘pincha osmonga qarab qo‘shiq kuylayman (kuladi)
— Fikrlaringizni har doim ham to‘liq bayon eta olmasligingizni sezganman...
— To‘g‘ri, bu odatim ham yo‘q emas. Bunga aytayotgan gapimni hamma ham men istagandek tushunmasligini sezib turganim sabab bo‘lsa kerak.
— O‘ylaganlaringizni to‘g‘ri va boricha etkazib berish uchun so‘z boyligi kerak, buning uchun esa ko‘proq kitob o‘qish lozim. Bu haqida hech o‘ylab ko‘rmaganmisiz?
— Tan olib aytaman kitob kam o‘qiman. Va bu mening eng katta kamchiligim. Lekin sekin-sekin bu narsani bartaraf etishga harakat qilyapman.
— Ijtimoiy tarmoqda sizni e’tiboringizni tortgan voqealar haqida gaplashsak...
— So‘nggi vaqtlarda bir narsa diqqatimni tortdi. Bugun odamlar internetga, qaysidir san’atkorning hayotini bilish uchun emas, siyosiy va ijtimoiy hayotimizdagi o‘zgarish va yangiliklarni bilishga kiradigan bo‘lishgan. Ko‘pchilik yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan bexabar qolmaylik degan maqsadda kirishyapti. Shaxsan o‘zimni 23 yashar yigitning vazir o‘rinbosari etib tayinlangani e’tiborimni tortdi. Chunki Alisher Sa’dullaevning Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari etib tayinlangani Prezidentimizning biz yoshlarga bo‘lgan ishonchini bildirdi. Har birimiz ularning ishonchlarini oqlashimiz shart!
Bundan tashqari, bir necha oy oldin o‘qituvchisining ustidan kalaka qilib kulayotgan talaba qizning videosini ko‘rib juda jahlim chiqdi. Yoshgina qiz otasi tengi insonga gapirayotgan gaplari aqlga sig‘maydi. O‘qituvchi ko‘z nurini, asablarini sarflab o‘quvchilarga dars bersa-yu, uni videodagi kabi o‘quvchilar hurmatsiz qilsa... Bu nima degan gap?! To‘g‘ri, o‘zim ham yosh bo‘lganman, vaqtida sho‘xlik qilib o‘qituvchilarning jahlini chiqarganman. Ammo hech qachon ularning ustidan kulgan emasman. “Ustoz otangdek ulug‘” deb bekorga aytishmaydi-ku.
Ota-onalar ham bolalar nazoratini ko‘zdan qochirmasligi kerak. O‘smir yoshlar esa mehnatdan qochmasa, eng avvalo ota-onasini o‘ziga do‘st deb bilsa, nazarimda hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi...
YaNGILIK
— Yangi qo‘shig‘imiz tayyor. “Avaz” deb nomlangan qo‘shiqni bir yo‘la klipi bilan muxlislar e’tiboriga havola etmoqchiman. Klipmeyker Narimon Sultonxo‘jaev bilan komediya janrda videorolik ishladik.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas